Elchi Pamela Spratlen: Ayollar, iqtisod va Afg'oniston


Bishkekda Markaziy Osiyo va Afg'oniston ayollari iqtisodiy simpoziumi o'tmoqda

Bishkekda Markaziy Osiyo va Afg'oniston ayollari iqtisodiy simpoziumi o'tmoqda

AQShning Qirg’izistondagi elchisi Pamela Spratlenning aytishicha, Bishkekda o’tayotgan ayollar iqtisodiy simpoziumida Markaziy Osiyo va Afg’onistondagi vaziyat qizg’in muhokamada.

Ishtirokchilar o’z jamiyatlarida faol rol o’ynayotgan xotin-qizlar, deydi elchi Bishkekda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

“Amerika Ovozi”: Simpozium bilan nimaga erishmoqchisiz?

Pamela Spratlen, AQShning Qirg'izistondagi elchisi

Pamela Spratlen, AQShning Qirg'izistondagi elchisi

Elchi Spratlen: Amerika hukumati Markaziy Osiyo va Afg’oniston xalqlari bilan yonma-yon turib, bu mamlakatlarning iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishida ularni yaqindan quvvatlaydi. Bishkekdagi simpoziumdan maqsad ayollarga bir-biri bilan fikr va tajriba almashish imkoniyatini berish. Qiyinchiliklarga qaramay ular qanday qilib muvafaqqiyat qozonayotgani, yurti rivoji uchun nima qilayotganini eshitish. Xotin-qizlar davlat iqtisodiyotiga ko’proq hissa qo’shsin deymiz. Ayollar qiladigan ishlar odatda norasmiy iqtisodga kirib ketadi, masalan, qishloq xo’jaligi va mahalliy tirikchilik. Bizning nazarimizda, xotin-qizlar iqtisodiy jihatdan oyoqqa turishi va kattaroq sohalarda mehnat qilishi uchun ta’lim olib, kasbli bo’lish imkoniyatlarini kengaytirish kerak. Ular siyosatda o’z ovoziga ega bo’lsin. Mana shu borada ularga yordam bermoqchimiz.

“Amerika Ovozi”: Qirg’izistonda xotin-qizlar qo’l urmagan soha yo’q. Ular siyosiy-iqtisodiy jabhalarda faol desak xato bo’lmaydi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida ular, siznincha, qanday rol o’ynamoqda?

Ayollarning iqtisoddagi rolini oshirish - asosiy mavzu

Ayollarning iqtisoddagi rolini oshirish - asosiy mavzu

Elchi Spratlen: Juda o’rinli savol. Qirg’iziston bu va boshqa jihatlari bilan ajralib turadi. Respublikani ayol kishi boshqarmoqda. Mintaqada boshqa hech bir mamlakatda ayol prezident yo’q. Parlamentda 120 a’zo bo’lsa, ulardan 27 nafari ayol kishi. Biz, albatta, ayollar jamiyatning barcha jabhalarida faolroq harakat qilsin deymiz. Siyosat, iqtisod, fuqaro jamiyati va ijtimoiy sohalarda, sog’liqni saqlash, ta’lim va madaniyat...

“Amerika Ovozi”: Bilamizki, Amerika Afg’onistonda tinchlikka erishishga harakat qilar ekan, Markaziy Osiyo xalqlarini bu mamlakat bilan yaqindan bog’lashga ham urinmoqda. Qanday konkret qadamlar tashlanmoqda, biror misol keltira olasizmi?

Elchi Spratlen: “Gapingiz to’g’ri, biz Afg’onistonda barqarorlikka erishishni maqsad qilganmiz va bunga faqat harbiy yo’l bilan erishib bo’lmasligini bilamiz. Bunda fuqaro roli juda muhim, shu jumladan ayollarning. Mana shu simpoziumni konkret qadam deyish mumkin. U xotin-qizlar orasida ko’prik vazifasini o’taydi. Bu yerga Afg’onistonning yetakchi ayollari kelishgan. Ular Markaziy Osiyo xotin-qizlarining ishlari, tadbirkor ayollar faoliyati bilan tanishib, ular oldilaridagi muammolarni qanday bartaraf etayotgani haqida eshitib, o’ziga yarasha bilim va xulosa bilan qaytadi. Bir-biri bilan hamkorlik qila boshlaydi. Bilasiz, bu ayollar o’z jamiyatlarida yuzlashadigan ko’plab muammolar, to’siqlar bir-biriga o’xshash. Ular bir-birini qo’llab-quvvatlaydi degan umiddamiz”.

XS
SM
MD
LG