AQSh fuqarosi "Islomiy davlat"ga aloqadorlikda ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

Muhammad Jamol Xveys qo'lga olinishidan keyin Kurdiston 24 telekanaliga intervyu bergan. 17-mart 2016-yil

Muhammad Jamol Xveys qo'lga olinishidan keyin Kurdiston 24 telekanaliga intervyu bergan. 17-mart 2016-yil

AQShda 26 yoshli Muhammad Jamol Xveys terrorchilikda ayblanmoqda. Shu yil mart oyida shimoliy Iroqda kurdlarning Peshmerga jangchilari tomonidan ushlanganida yigit “Islomiy davlat” to’dasidan qochganini aytgan edi.

9-iyun kuni AQSh federal sudida Xveysga rasman ayblov qo’yildi: “Islomiy davlat” bilan til biriktirganlik va ekstremistlarga moddiy yordam berganlik.

Sud hujjatlariga ko’ra, 2015-yil dekabrida yigit London va Turkiya orqali Suriyaga borib, “Islomiy davlat” nazoratidagi hududga o’tgan. Uning to’rt hamrohi bo’lgan. Ammo Xveys ular orasidagi yagona amerikalik.

Hujjatlarda qayd etilishicha, yigit “Islomiy davlat” jangarilarining “shahid bo’lishga tayyormisan?” degan savoliga “ha” deb javob bergan. Ammo u harbiy mashqlar va janglarda qatnashganini inkor etmoqda.

Xveys 14-mart kuni qo’lga tushgan va terrorchilardan qochganini ta’kidlagan. Yigitning yonidan uchta mobil telefon, fleshkalar, ikkita bank kartasi va 450 dollardan ziyod pul chiqqan.

Suddagi ko’rsatmalar yigitning qo’lga olinganidan ko’p o’tmay Kurdiston-24 televideniyesiga bergan intervyusidan farq qiladi.

“Adashgan edim. Bir qiz deb Mosulga bordim, xato qildim”, - degan edi u intervyuda. O'shanda u “Islomiy davlat” jangarisiga turmushga chiqqan ayolning singlisi safarni tashkil qildi deb ham aytgan edi.

Biroq jinoiy ish hujjatlarida qiz haqida ma’lumot yo’q. Aksincha, Federal qidiruv byurosiga ko'ra, Xveys terrrochilarga qo’shilish uchun yaxshi tayyorgarlik ko’rgan.

Xveys, deydi rasmiylar, 2015-yilda terrorchi guruh haqida ma’lumot to’play boshlagan, internetda jangarilar terror operatsiyalarini amalga oshirgani va asirlarni qatl etgani tasvirlangan videolarni tomosha qilgan.

Hujjatlarga ko’ra, Xveys terrorchi guruh maqsadlarini yaxshi tushungan, xususan AQShni yo’q qilishni istashini yaxshi bilgan.

Yigitning ota-onasi hayratga kelgan va o’g’lining Iroqda ekanidan bexabar bo’lganini aytgan. “U Kanadada deb o’ylagan edik”, - degan edi Xveysning onasi “Amerika Ovozi”ga. “U Turkiyaga borganini ham bilardik”.

Yigit ota-onasi asl falastinlik. Otasi AQShga 1988-yilda ko’chib kelgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG