AQShda kam ta'minlangan yoshlarga yordam beruvchi yangi tashkilot ochildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama kam ta'minlangan jamiyat yoshlari uchun olg'a surilgan tashabbusning yangi bosqichini e'lon qildi. Obama Nyu-Yorkka borib, ozchilik guruh vakillariga ish topish va o'qishda yordam beruvchi tashkilotlarni moliyalovchi mustaqil notijorat guruhining ochilish marosimida qatnashdi.

Yangi dastur Prezident Obama o'tgan yili ochgan hukumat loyihasiga o'xshash. Har ikkisi qora tanli va boshqa irq vakillarining ta'limi uchun grant ajratadi.

"Hamma muvaffaqiyat qozonishiga kafolat yo'q. Ammo ishlashni xohlagan har bir odamga teng imkoniyat yaratishga harakat qilamiz", - deydi Obama.

Hukumat tashabbusi shu paytgacha qora tanli va ispanzabon yoshlar ta'limi uchun 500 million dollar mablag' yig'di. "PepsiCo" va "American Express" kabi yirik korporatsiyalar ham loyihaga qo'shilgan. Yangi tashabbus mamlakat bo'ylab irqiy kamsitishga qarshi qora tanlilar namoyishlari kuchaygan bir paytda e'lon qilindi.

"Mamlakat bo'ylab, Nyu-York, Nyu-Jersi va mening shahrim bo'lgan Chikagoda yetarli ish, mablag' va imkoniyatlarga ega bo'lmagan jamiyatlar bor. 30, 40 yoki 50 foizgacha ishsizlik hukm surayotgan joylar bor", - deydi AQSh rahbari.

Obamaning aytishicha, mamlakat muvaffaqiyati yoshlarga bog'liq ekanini amerikaliklar yaxshi tushunadi.

"Bilasizki, Amerika orzusi bilan yashayotgan odam yoki Nyu-Yorkda qamoqqa emas, kollejga borayotgan ispanzabon yigitlar bir kun kelib soliq to'lovchilar bo'ladi. Ular jamiyatlarimizni xavfsizroq qiladi. Ular muammo emas, balki muammo yechimining bir qismidir. Faqat ularga shunday munosabatda bo'lishimiz kerak", - dedi Obama.

Tashkilot Amerika jamiyati va iqtisodiyotiga zarar yetkazayotgan irqiy muammolarni bartaraf etish strategiyalarini ham taklif etadi, deydi Deloit moliyaviy maslahat xizmatlari vakili Deyvid Uilyams.

"Xususiy, davlat sektori va ijtimoiy korxonalardan bo'lgan hamkorlar bilan amaliy tajribadan o'tgan strategiyalarga e'tibor qaratamiz. Sodda qilib aytganda, maqsadimiz Amerika orzusini barchaning qo'li yetadigan imkoniyatga aylantirish. Bu narsa yoshlarga yaxshi iqtisodiy foyda keltiradi. Ularnig oilalari, eng muhimi, mamlakat ham bundan manfaat oladi", - deydi u.

Oq uy bergan ma'lumotga ko'ra, 16 dan 24 yoshgacha bo'lgan qora tanli yoki kelib chiqishi Lotin Amerikasidan bo'lgan yoshlarning beshdan bir qismi ishsiz va ta'lim olmagan. Kelasi bir necha o'n yilda AQSh aholisining ko'pini oqlar emas, balki boshqa irq vakillari tashkil etishi kutilyapti. Shunday ekan, hozir oz sonli bo'lgan bu jamiyatlar orasida ishsizlikning yuqori ekani mamlakat kelajagi uchun jiddiy muammodir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG