Nogironlar ham teng huquqli fuqarolar; AQShda bu haqda qonun qabul qilinganiga 20 yil bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Amerikada 1990 yilda qabul qilingan qonun nogiron fuqarolarni ta’lim dargohlari va ish joyida kamsitishni man etadi. Ularning aqliy yoki jismoniy salohiyatini to’g’ri baholamaslik - jinoyat.

Mana shu qonunga binoan mamlakat bo’ylab maxsus dasturlar ishlab, jamoat joylari va transport vositalarida nogiron odamlar uchun qulay sharoit yaratilgan.

Maxsus yo’lkalar, bekatlarda ular manfaatini ko’zlaydigan, ishxonada ularning ko’zi yoki qo’l-oyog’iga moslashtirilgan vositalar.

Bundan 20 yil oldin AQShning o’sha paytdagi prezident Jorj Bush tarixiy bir hujjatga imzo chekkan.

“Bu qog’ozga qo’l qo’yib, uzoq davr diskriminatsiya qurboni bo’lib yashagan nogiron yurtdoshlarimizga siz teng huquqli insonsiz deymiz”.

Bugun mana shu qonun qabul qilinishi uchun kurashgan insonlar uning ahamiyatini sarhisob qilmoqda.

Kongressmen Jim Langevin yura olmaydi. Falajga uchragan, belidan pastini qimirlata olmaydi, lekin ishlay oladi.

“Bu qonun hayotimizni qanchalik o’zgartirib yuborganini tasavvur ham qila olmaysiz. Biz uchun qancha qancha eshiklar ochildi, imkoniyatlar yaratildi. Yashayapmiz endi”,- deydi u.

Marka Bristo, taniqli suzuvchi 23 yoshida bo’ynini sindirib, nogiron bo’lib qolgan.

“Hayotim tugadi deb o’ylagan edim”, - deydi u.

Lekin imkoniyati cheklangan odamlar uchun ham bir dunyo imkoniyatlar bor ekan.

“Istirohat bog’iga borish, odamga o’xshab jamoatchilikka qo’shilish juda qiyin bo’lib qolgan edi. Ko’chaga chiqib, qayerga borasan, nimada yurasan? Bugun qulayliklar muhayyo”,- deydi u.

Marka Bristo o’z xalqaro tashkilotini ochgan. Maqsadi dunyo bo’ylab nogironlar haq-huquqi ta’minlanishishi talab qilish. Ko’plab jamiyatlarda majruh insonlar inson sifatida ko’rilmaydi, deydi u.

“Juda ko’p mamlakatlarda nogiron odamlar ko’chada yashaydi, borar joyi yo’q. Ayrim joylarda esa ularni jin urgan, xudoning lan’atiga uchragan deb yakkalab qo’yishadi. Hatto oilalari ularga qaramaydi. Ularni ne kuylarga solishmaydi”.

Invalidlar uchun ish joylari yaratish har bir davlat oldidagi muhim vazifa bo’lishi kerak. Chunki bu fuqarolar ham mehnat qilib, maosh olib kun ko’rishga haqli.

Siyosatchilar yangi qonunlar ustida o’ylaganida, barcha fuqarolar, shu jumladan nogironlar manfaatini ham ko’zlashi kerak, deydi Marka Bristo.

“AQShda hozir kar odamlar telefonda gaplasha oladi. Ko’r bo’lsangiz ham bankomatdan pulingizni olasiz. Mo’jiza!”

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG