Suriyada amerikalik jurnalist ozod etildi

  • Amerika Ovozi

Jurnalist Piter Teo Kyortis

Jurnalist Piter Teo Kyortis

Suriyada islomiy jangarilar 2012-yilda garovga olinga jurnalistni ozod etdi.

Al-Qoida tashkilotiga aloqador al-Nusra jabhasi vakillari 24-avgust kuni Piter Teo Kyortisni BMT rasmiysiga topshirgan. Kyortisning Boston shahridan ekani ma’lum.

AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasiga ko’ra, Kyortis Suriyada bedarak yo’qolgan 20 muxbirdan biri.

Oq uy chiqargan bayonotda prezident Barak Obama “Teoning Suriyani tark etgani va endi xavfsizlikda ekanidan nihoyatda xursandman”, deb aytdi. “Ammo, - deydi AQSh rahbari, - hamon Suriyada garovda qolayotgan boshqa amerikaliklar doim fikrimizda, biz ular hayoti uchun ibodat qilamiz. Biz bu amerikaliklarni ozod etish yo’lida qo’limizdagi bor imkoniyatlardan foydalanamiz”.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Kyortisning ozod etilishini olqishladi va Qo’shma Shtatlar Suriyada garovda saqlanayotgan boshqa amerikaliklarni ozod etish uchun keng ko’lamli diplomatik, harbiy va razvedka aloqalaridan foydalanayotganini ta’kidladi.

Kyortis oilasi AQSh va Qatar hukumatlariga jurnalistni ozod etishda yordamlashgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

“So’nggi oylar davomida bizga tinimsiz yordam bergan va do’stlarimizga aylangan odamlarga minnatdorchilik bildiramiz”, - dedi jurnalist onasi Nensi Kyortis.

Ayni vaqtda Britaniya rasmiylari boshqa amerikalik jurnalist Jeyms Folini bundan bir necha kun oldin qatl etgan “Islomiy davlat” radikal guruhi a’zosi, asl britaniyalik ekani aytilayotgan odam shaxsini aniqlash arafasidaligini ma’lum qildi.

Britaniyaning BMTdagi elchisi Piter Vestmakottning Si-En-En (CNN) telekanaliga aytishicha, niqob taqib Folini qatl etgan odamning ovozini tanish uchun nihoyatda rivojlangan texnologiyalardan foydalanilmoqda.

Bu mamlakatning “Sandey Tayms” (The Sunday Times) gazetasi Britaniya razvedkasi jihodchi shaxsini aniqlagani, ammo ismini oshkor etishni istamayotgani haqida xabar berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG