Kobulda Amerika universiteti qayta ochildi

  • Amerika Ovozi

Amerika universiteti oldida

Yetti oy oldin terror hujumiga uchrab, 13 kishi o'lgan va o'nlab insonlar jarohatlangan Amerika universiteti shu kunlarda Kobulda yana o'z eshiklarini ochdi.

2016-yilning yozidagi xurujda talabalar, professor, politsya va soqchilar halok bo'lgan edi.

Darslar 28-martdan boshlandi.

“Afg'oniston kelajagi uchun mehnatdamiz", - deydi oliygoh muvaqqat rahbari Deyvid Sedney.

Rektorning aytishicha, hozirda universitet qattiq himoyalangan, xavfsizlik choralari mustahkam.

Amerika universiteti mamlakatda eng sifatli oliy ta'lim beruvchi muassasa hisoblanadi. Toliblar uni azaldan nishonga olib keladi. O'tgan yili amerikalik va avstraliyalik domlalar garovga olingan edi. Ular yordam so'rab iltijo qilgan videolar chiqqan. Lekin ikkisi hamon jangarilar qo'lida ekani taxmin qilinadi.

Amerika universiteti, Kobul, 27-mart, 2017
Amerika universiteti, Kobul, 27-mart, 2017

2006-yilda ochilgan Amerika universiteti bakalavrlik va magistrlik diplomlarini beradi. Amerikacha dars beriladi, talabalarga amerikacha talablar qo'yiladi. Bilim olish erkin, mustaqil tayyorlanishga ahamiyat katta, shuningdek, guruhlarga bo'linib shug'ullanish yo'lga qo'yilgan.

1700 ga yaqin student bor. Bitiruvchilarning aksariyati vatanda va asosan davlat tizimi va xususiy sektorda ishlaydi.

Afg'on yoshlari bilimga chanqoq va tirishqoq, deydi universitet xodimlari.

Beqarorlik sabab bu universitet balki umuman yopiladi degan xavotirlar bor edi. Poytaxt bo'lishiga qaramasdan Kobul eng ko'p xurujlar kuzatiladigan shahar.

Lekin Amerika universiteti o'qituvchilari, talabalari va ularning ota-onalari darslar qayta boshlansin, deya undagan. Yoshlar har qanday tahdid ostida ham ta'lim olishga shay.

“Universitet diplomisiz hayotimni tasavvur qila olmayman. O'qishim kerak. Universitet men uchun tayyor bo'lsa, men shu yerdaman", - deydi Faryal Yoqubiy ismli talaba.

“Universitet endi qattiqroq himoyalangan degan umiddaman. Darslar boshlaganidan xursandman", - deydi Kabir Ali, yana bir talaba.

Amerika universiteti Kobulda 2006-yilda ochilgan
Amerika universiteti Kobulda 2006-yilda ochilgan

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG