Jihodchilarga qarshi kurashgan amerikalik ko'ngilli Suriyada halok bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Amerikalik ko'ngilli Uilyam Savij Suriyada kurd askarlari bilan mashqlar paytida

Amerikalik ko'ngilli Uilyam Savij Suriyada kurd askarlari bilan mashqlar paytida

Rejinald Savij Suriyada kurdlar qatorida "Islomiy davlat"ga qarshi jang qilayotgan o'g'li bilan oxirgi marta gaplashganidan beri ko'ngli g'ash edi.

"Men o'shandayoq o'g'limni boshqa ko'rmasligimni sezgandim", - deydi iyulda elektron pochtasi orqali Uilyam bilan yozishgan ota.

Kurd qo'shinlarining ma'lum qilishicha, Merilend va Shimoliy Karolinada yashagan 27 yashar Uilyam Savij Manbij shahri uchun janglarda halok bo'lgan. U kurdlar bilan yelkama-yelka jihodchilarga qarshi kurashgan oltinchi xorijlik ko'ngilli va ikkinchi amerikalikdir.

Suriya demokratik kuchlari jangchilari Manbijda. Halab viloyati. 12-avgust 2016-yil

Suriya demokratik kuchlari jangchilari Manbijda. Halab viloyati. 12-avgust 2016-yil

Savijga o'xshagan ko'ngillilarga faqat ovqat va yotoqxonada joy beriladi. Kurd-arab ittifoqi "Islomiy davlat"ga qarshi kurashar ekan, u tinch aholiga yordam bergan.

"Islomiy davlat" nishoni

Kurd tilida chiqarilgan bayonotga ko'ra, Savij jihodchilar bilan otishmada o'q yegan va jiddiy jarohatlardan harbiy kasalxonada jon bergan.

Savijning o'limidan ikki kun o'tib, Manbij "Islomiy davlat"dan tortib olindi. Shahar uchun jang 73 kun davom etdi. Unda 4000 dan ziyod jihodchi va AQSh tayanchiga ega 264 askar nobud bo'ldi.

Savij kurdlar safiga 2015-yil yanvarida bir necha boshqa amerikalik qatorida qo'shilgan edi. Safdoshlari uni Ahmad Kobani deb chaqirishardi.

"Hech narsadan qo'rqmasdi. Kurdlarga yordam bermoqchi edi", - deydi Shimoliy Karolinada yashaydigan otasi.

Suriya demokratik kuchlar askarini quchoqlab olgan manbijlik ayol shahar jihodchilardan ozod etilganidan keyin. 12-avgust 2016-yil

Suriya demokratik kuchlar askarini quchoqlab olgan manbijlik ayol shahar jihodchilardan ozod etilganidan keyin. 12-avgust 2016-yil

Uilyam Savij 1989-yilda Merilendning Sent-Meri shahrida tug'ilgan. Suriyaga ketishdan oldin otasiga Gretsiyaga o'qishga ketyapman deb aytgan. "Xavotir olishimni istamagan-da", - deydi ota.

Harbiy tajribasi yo'q edi

"Odamlarga yordam berishiga qarshi emasdim, ammo Suriyaga borishidan bexabar edim", - deydi ota.

To'rt farzandning to'ng'ichi Uilyam urushga ketishdan oldin mehmonxonada oshpaz bo'lib ishlagan. Harbiy tajribasi bo'lmagan.

"U AQSh armiyasida xizmat qilishni orzu qilgan, ammo tibbiy ko'rikdan o'ta olmagan. Besh yoshligida miyasiga qon quyilgan edi", - deydi otasi.

"Oramizdagi eng zo'ri"

Britaniyalik ko'ngilli Meyser Gifford - Uilyamning safdoshi. Savij zo'r askar edi, deydi.

"Xorijiy ko'ngillilarning, AQShdan kelgan ko'ngillilarning eng zo'ri edi. U haqida hech kimdan yomon so'z eshitmaysiz. Hammaga yoqardi, har bir askar u haqida chiroyli gap gapiradi, zo'r hikoya aytib beradi sizga", - deydi u.

Savijning onasi 2000-yilda hayotdan ko'z yumgan. Yoshligida u ham Vyetnamda amerikalik qo'shinlarda ko'ngilli bo'lib xizmat qilgan.

Marhum jangchining otasi AQSh Davlat departamentiga murojaat qilib, o'g'li jasadini vataniga yetkazishda yordam so'radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG