Amerikaliklar orasida "men asli kimman"? deb so'rayotganlar ko'p

  • Amerika Ovozi

Amerika bir elat hukmron davlat emas. Bu mamlakat fuqarolaridan kimligini so’rasangiz, uzundan uzoq javob olasiz. Dunyodagi jamiki etnik guruhlar vakillarini topasiz bu yerda. Kimdir qisman irland, qisman shved yoki yahudiy. Yana kimdir qisman italyan, qisman grek… xitoy, arab, slavyan xalqlariga mansub kishilar.

Odamlar shu qadar chatishib ketganki, bir oila vakillari o’zida butun jahonni mujassam etgandek. Tomirida kimning qoni oqayotganini bilishni istagan amerikaliklar davlat arxivlariga murojaat qilib, batafsil ma’lumotlar olishi yoki rasmiy manbalarga tayangan holda o’zi mustaqil izlanishi mumkin. Navbahor Imamovaning hikoya qilishicha, “men asli kimman”? deb qiziqayotgan insonlar ko’p.

Yaqinda Vashingtonda o’tgan yarmarkaga minglab amerikaliklar tashrif buyurdi. Niyati etnik jihatdan kim ekanini aniqlash. Oilangizning tarixini bilmoqchi bo’lsangiz shu yerga kelib maslahat olishingiz mumkin. Amerika – muhojirlar diyori.

Sheril Jouns ismli mana bu ayol anchadan beri izlanayotgan ekan.

“Kim ekanimni bilishni istayman. Avlod-ajdodlarim kim bo’lgan, qayerdan kelgan? Shuni bilish azaliy orzum”,- deydi u.

1970-yillarda Amerikada “Ildiz” degan ommabop shou bo’lgan. Oilaviy tarix haqida hikoya qilgan bu serial ko’pchilikni ilhomlantirgan.

“Bu serial Amerika ahlini shu qadar o’ziga qaratdiki, hamma kelib chiqishi bilan qiziqa boshladi. Bugun ham shu”,- deydi Megan Smolenyak, bu sohada yetuk mutaxassis.

Gollivud yulduzi Syuzan Sarandon avlod-ajdodlari kim bo'lganini aniqlash uchun yaqinda dunyo bo'ylab safarga chiqdi

Gollivud yulduzi Syuzan Sarandon avlod-ajdodlari kim bo'lganini aniqlash uchun yaqinda dunyo bo'ylab safarga chiqdi

Amerika telekanallari geneologiya haqidagi shoularga to’lib ketgan. Qiziqqanlar orasida Gollivud yulduzi Syuzan Sarandon ham bor.

“Men kimning avlodidan ekanim, naslim haqida qancha ko’p bilsam shuncha yaxshi. Farzandlarim ham bilsin”,- deydi aktrisa.

Bu izlanishda internetning roli beqiyos. Global tarmoqda bu xususda son-sanoqsiz, rang-barang saytlarni topasiz.

“Bu saytlar yordamida rasmiy manbalar bilan bog’lanasiz. Oilangiz zanjiri bo’ylab sayohat qilasiz degandek gap. Yuzlab soat o’tirish mumkin bu saytlarda”, - deydi Megan Smolenyak.

Oilaviy daraxt haqida ishonchli, asosli ma’lumotlar beruvshi bu manbalar - xususiy xizmatlar. Bugunga kelib hukumat ham qo’lidagi arxivni ochgan, tekinga.

Bu azim inshootda esa 10 milliardga yaqin immigratsion papka bor. Noyob xazina. Qiziqqan odam kelib, ulardan nusxa olishi, o’qishi mumkin. Konstans Potter geneologiya - oilaviy tarix bo’limida ishlayotgan ilmiy xodimlardan.

“Turli davrlarda AQSh sarhadiga qadam qo’ygan insonlar ro’yxati bor. Federal hukumat ularni yaxshi asragan. Kim, qachon, qayerda. Immigratsiya va fuqarolik haqidagi ma’lumotlar. Harbiy ro’yxatlar…”

Kerol Sammer ismli mana bu ayol harbiy arxivni ko’rib chiqayapti. XVIII asrga taalluqli ma’lumotlar bilan tanishib, avlodlari ildiziga yetgandek.

“Bir avlodni topsangiz, undan oldingisi kim edi degan savol qiynaydi. Mustaqillik uchun kurashda otam tomondan bir qarindoshim juda faol qatnashgan ekan. Qidirib, qidirib topdim”.

Oilaviy daraxtga qiziqish bir kasallikdek gap.

“Bir jumboqni yechsangiz, ikkinchisi kutib turadi. Undan oldin-chi, undan oldin-chi deb ketaverasiz. Bir kirsangiz, chiqish qiyin”,- deydi Konstans Potter.

Amerikaliklar asl avlodlari kim ekani haqida yaxshiroq bilgani sari faxrga to’la. Nasldan naslga, avloddan avlodga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG