Amerikadagi islomiy maktablar nima o'rgatadi?

  • Amerika Ovozi

Ilm olish musulmonlar uchun farz. Amerikada musulmonlar soni oshib borar ekan, islomiy o’quv maskanlari ham ko’payib bormoqda. Musulmonlar nazarida bu maktablar ularning farzandlariga ham dunyoviy, ham diniy bilim beradi.

Amerikada turli xil ta’lim dargohlari bo’lib, musulmon farzandi ulardan birini tanlash imkoniyatiga ega. Musulmonlar davlat qaramog’idagi dunyoviy maktabga borishlari yoki xususiy maktabda o’qib, diniy ta’lim-tarbiyani uyda olishlari mumkin.

Shu bilan birga, diniy ta’lim maskanlari ham bor. Jorjtaun universitetining Islom tarixi bo’yicha professori Ivon Haddodning aytishicha, bu maskanlar Amerikadagi boshqa turli cherkovlarga qarashli maktablar kabi ayni bir maqsadga xizmat qiladi.

“Shimoliy Amerikada yuzlab islomiy maktablar bor va ularda davlat o’quv dasturi to’liq o’qitiladi. Ijtimoiy fanlar, tarix, geografiya, matematika kabi fanlar o’rgatilishi boshqa maktablardan farq qilmaydi. Yagona farqi, bu maktablarda Islomdan ham saboq beriladi”.

Lekin terror xurujlarini boshdan kechirgan Amerikada ommaviy axborot vositalari madrasalarni ko’pincha ekstremistik guruhlar faoliyati bilan bog’lar ekan, musulmon farzandlari salbiy munosabatga duch kela boshladilar.

“Ba’zi ota-onalar farzandlarini islomiy maktablardan olib, davlat maktablariga o’tkaza boshladi, chunki ular jamiyatda paydo bo’lgan kuchli norozilik kayfiyatidan qo’rqdilar, – deydi Haddod. – Ayrim boshqa joylarda esa buning aksi sodir bo’ldi. Musulmonlar farzandlarini himoya qilish uchun davlat maktablaridan olib, islomiy maktablarga o’tkazdilar”.

Maktab tanlashda musulmon oilalari uchun axloqiy va diniy qadriyatlar tarbiyasi birinchi o’rinda turadi. Ba’zi ota-onalar uchun jinsiy tarbiya kabi fanlarning o’qitilish uslubi maqbul emas. Boshqa bir toifa musulmon oilalari esa xususiy ta’lim qimmatligi bois farzandlarini uyda o’qitishga majbur. Bunday ta’lim uslubi Amerikadagi boshqa diniy jamoa vakillari orasida ham uchraydi.

“Ular ba’zan nasoro yoki yahudiy diniy guruhlari bilan hamkorlikda ta’lim guruhlari tashkil etishadi. Diniy qadriyatlarga asoslangan o’quv dasturi ishlab chiqishib, ta’limni ota-onalar nazorati ostida internet orqali olib borishadi, – deydi Haddod. – Ular shu yo’l bilan farzandlarini dunyoviy axloqsizlik va dinsizlikdan imkon qadar himoya qilishadi”.

Siyosiy sharhlovchi, tarixchi Daniel Paypsning aytishicha, AQShdagi ayrim islomiy maktablarda esktremizmga moyil adabiyotlar ham o’qitiladi.

“Bu maktablarda G’arbga, yahudiy va nasorolarga qarshi kayfiyatda bo’lgan ustozlar va o’quv adabiyotlari bor. Bu murabbiylar Islomni yagona haqiqiy din deb biladilar. Bunday qarash tushunmovchiliklarga, hatto terrorizmga olib borishi mumkin. Masalan, Saudiya Arabistoni tomonidan quvvatlanadigan Islom akademiyasining eng yaxshi talabalaridan biri prezident Jorj Bushni o’ldirishga harakat qilgani uchun hozir qamoqxonada o’tiribdi”,- deydi u.

Payps nazarida islomiy madrasalar ektremizm ruhidagi g’oyalarni tarqatib, talabalar ongini zaharlamoqda.

Lekin Albert Xarb bunday fikrda emas. U Michigan shtatidagi islomiy akademiyani boshqaradi.

“Biz Michigan shtati rasmiy o’quv dasturi bo’yicha ish olib boramiz, – deydi Xarb. – Bunga qo’shimcha ravishda Islomni va chet tili sifatida arab tilini o’rgatamiz. Maqsadimiz yoshlarimizda musulmonning go’zal axloqini shakllantirib, AQSh jamiyatida Islomning ijobiy qiyofasini ko’rsatish”.

Hozir Amerikada musulmonlar ta’lim-tarbiya borasida duch kelayotgan muammolarni o’z davrida katolik nasorolar hamda yahudiy jamoalari ham o’z boshlaridan o’tkazgan. Ular birinchi marta diniy maktablarini tashkil etganida jamiyatda ana shunday qarshiliklarga ro’baro’ bo’lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG