Xalqaro Amnistiya: O'lim jazosidan butkul voz kechish vaqti keldi

  • Amerika Ovozi

Eronda balog'at yoshiga yetmaganlar ham qatl etiladi

Eronda balog'at yoshiga yetmaganlar ham qatl etiladi

Londonda asoslangan “Xalqaro Amnistiya” inson huquqlari tashkiloti o’lim jazosiga qarshi targ’ibot bobida yetakchilik qiladi. Bu borada muvaffaqiyatga erishilayotgani rost, deydi “Xalqaro Amnistiya” xodimlari, lekin ko’plab mamlakatlar, jumladan Amerika, Xitoy va Saudiya Arabistonida oliy jazo hamon o’limdir.

Yaqinda tashkilot yangi hisobot chiqardi. 2010 yilda dunyo bo’ylab 527 kishi qatl etilgan.

Xitoyda aslida qancha odam o’ldirilgani sir tutiladi, rasmiy raqamga ishonch yo’q, deydi “Xalqaro Amnistiya” vakili Lora Moye.

“O’lim jazosi bilan bog’liq biror ma’lumot oshkor etilmaydi. Qo’limizga tushgan informatsiyaga qarab shuni ayta olamizki, u yerda har yili minglab insonlar qatl etiladi, nom-nishonsiz”,- deydi Lora Moye.

Xitoydagi vaziyat qanchalik og’ir bo’lmasin, deydi mutaxassis, u yerda ham omma orasida o’lim jazosiga nisbatan qarshilik borgan sari kuchayib bormoqda.

“Aniqlashimizcha, Xitoyda kamroq odamlar o’limga mahkum etilmoqda, chunki hukumat xalq norozi ekanini anglay boshlagan. Xalqaro hamjamiyat bosimi foyda berayapti degan umiddamiz. Avvallari o’limga loyiq deb topilgan jinoyatlar, masalan, moliyaviy firibgarlik va korrupsiyada aybdor deb topilgan shaxslar oliy jazo olmayotganini kuzatayapmiz. Hamma hollarda emas, ammo biroz o’zgarish bor”.

“Xalqaro Amnistiya” Malayziya, Shimoliy Koreya va V’yetnamda ham qancha odam qatl etilganini bilmaydi.

Texas shtatida o'lim jazosi ukol orqali beriladi

Texas shtatida o'lim jazosi ukol orqali beriladi

Eronda o’tgan yili 252 odamga oliy jazo ijro etilgan. Yamanda esa 53, Amerikada 46.

Qo’shma Shtatlarda o’lim jazosiga qarshi kampaniya avjida. Yaqinda Illinoys shtatida bu jazo bekor qilindi. Hozirgacha 16 shtatda shunday qarorga kelingan.

Jami 139 mamlakat shu yo’lni tanlagan, xususan O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Turkmaniston. Tojikistonda o'lim jazosiga 2004 yildan beri moratoriy qo'yilgan ammo bekor qilinmagan.

2010 yilda o’lim jazosidan voz kechgan yagona davlat - Afrika qit’asi markazida joylashgan Gabondir.

Hukumatga qarshi qo’zg’olonlar domida qolayotgan Liviya, Suriya va Yaman eng ko’p odam qatl etiladigan 10 davlat safida.

Lekin Lora Moyening aytishicha, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning ko’plab davlatlarida ijobiy o’zgarishlar bor.

“Raqamlarga qarasangiz, kamroq odamga o’lim jazosi berilayotgani va qatllar soni ozayganini ko’rasiz, masalan, Marokash, Jazoir, Tunis, Iordaniya, Quvayt, Livan va Birlashgan Arab Amirliklarida”, - deydi Moye xonim.

2010 yilning dekabrida BMT Bosh Assambleyasi o’lim jazosini bekor qilishga qaratilgan rezolyutsiyani ovozga qo’yganida 109 davlat “ha”, 41 davlat “yo’q” deb javob bergan. 39 davlat esa ovoz berishni ma’qul topmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG