Xalqaro Amnistiya Azimjon Asqarovni ozod qilishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Inson huquqlarini himoya qiluvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti Qirg'iziston hukumatini Azimjon Asqarovni qamoqdan ozod qilishga chaqirmoqda. Inson huquqlari faoli umrbod qamoq jazosini o'tayapti. Qirg'iziston Oliy sudi 11-iyul kuni uning ishini ko'rib chiqishi kerak.

Xalqaro Amnistiya 6-yul kuni chiqargan bayonotida Asqarov fikrini oshkora aytgani uchun jazoga tortilmoqda, deya eslatdi.

Huquq tashkiloti nazarida faolga qarshi olg'a surilgan ayblovlar soxta, siyosiy fitna.

2016-yilning aprelida BMT Inson huquqlari qo'mitasi rasmiy Bishkekni Asqarovni zudlik bilan qo'yib yuborishga undagan edi. U asossiz qamoqqa olinib, qiynoqqa solingan, odil sudlovdan mahrum qilingan.

Azimjon Asqarov 2010-yilning yozida janubdagi elatlararo xunrezlik ketidan ushlanib, soxta ayblovlar asosida qamoqqa hukm qilingan, deyiladi Xalqaro Amnistiya bayonotida.

Amnistiya Qirg'izistonni sud jarayoni tinch, bexatar o'tishini ta'minlashga da'vat etmoqda. Toki, xohlagan odam, jumladan, advokat va matbuot jarayonda erkin qatnasha olsin, uni yorita olsin. Shu kabi ishlar sudda ko'rilganida avval o'zbeklarni himoya qilgan advokatlar qirg'izlar tomonidan kaltaklab ketilgani sir emas, deydi faollar.

Asqarov 2010-yilning iyunida Qirg'iziston janubidagi elatlararo to'qnashuvlar paytida militsiya xodimining o'limiga aloqador topilgan edi. Uch oy o'tib, u bir umrga ozodlikdan mahrum qilindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG