200 ming odam Karimovdan Dilorom Abduqodirovani ozod etishni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Dilorom Abduqodirova chet eldan Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan aldab olib kelingan, deydi uning ishi bilan tanish odamlar

Dilorom Abduqodirova chet eldan Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan aldab olib kelingan, deydi uning ishi bilan tanish odamlar

Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) tashkilotiga ko'ra, O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovdan 2010-yilda qamalgan 49 yoshli Dilorom Abduqodirovani ozod etish talabiga salkam 200 ming odam imzo chekkan.

Abduqodirova 2005-yilda Andijondagi voqealar ketidan mamlakatni tark etishga majbur bo'lgan edi. Ammo 2010-yilda qaytganidan so'ng zudlik bilan hibsga olinib, sud uni konstitutsion tuzumni ag'darish harakatida aybdor topib 10 yilga qamagan.

2012-yilda qamoq tartibini buzganlikda ayblanib, uning qamoq muddatiga yana sakkiz yil qo'shilgan.

Xalqaro Amnistiyaning aniqlashicha, mahkuma suddan oldin qiynoqqa solingan. Tashkilotning qiynoqlarni to'xtatishga qaratilgan kampaniyasi doirasida 123 mamlakatdan Dilorom Abduqodirovani ozod etish haqidagi murojaatnomaga imzo to'plangan. Guruh hujjatni Londonda O'zbekiston elchixonasiga yetkazmoqchi bo'lganida, vakolatxona xodimlari eshikni ochmagani aytiladi.

Yaqinda inson huquqlari bo'yicha yana bir tashkilot, Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" O'zbekistonda siyosiy mahbuslar masalasini ko'tarib, O'zbekiston hukumati va xalqaro hamjamiyatga qator tavsiyalar bilan murojaat qilgan edi.

Dilorom Abduqodirova bu tashkilot berayotgan ma'lumotlarga ko'ra ham qiynoqqa solingan va uning jazo muddati asossiz va qonunga xilof ravishda uzaytirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG