"Xalqaro Amnistiya": AQSh Pokistondagi amaliyotini oshkor etsin


Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Qo’shma Shtatlarni Pokistondagi havo hujumlariga doir maxfiylik pardasini olib tashlashga chaqirmoqda.

Guruhning bugun chiqargan bayonotida aytilishicha, AQSh bu kampaniya davomida inson huquqlarini jiddiy ravishda poymol etgan va, hatto uning harakatlarini urush jinoyatlariga tenglashtirish mumkin.

Hisobotga ko’ra, o’tgan yil yanvaridan 2013-yil avgustigacha AQSh Shimoliy Vaziristonda pilotsiz samolyotlar vositasida 45 hujumni amalga oshirgan. Shularning birida 68 yoshli keksa ayol, boshqasida esa 18 ishchi nobud bo’lgan.

Pokiston rahbarlari ko’pdan beri bu kabi hujumlarga qarshi ekanini aytib keladi, biroq tanqidchilar nazarida aslida rasmiy Islomobod AQSh bilan maxfiy bitim tuzib, hujumlarga ruxsat bergan.

“Xalqaro Amnistiya” AQSh va Pokiston hukumatlaridan bu kampaniyaga doir barcha ma’lumotlarni oshkor etishni so’ramoqda.

BMTning inson huquqlari bo’yicha maxsus hisobotchisi Ben Emmersonning o’tgan hafta aytishicha, Amerikaning pilotsiz samolyot hujumlarida Pokistonda salkam 400 begunoh odam o’lgan.

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif shu hafta Vashingtonda. Ertaga u Kongressning ayrim a’zolari va prezident Obama bilan uchrashadi.
XS
SM
MD
LG