"Xalqaro Amnistiya" Suriyada kurd kuchlarini jinoyatda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Kurd qurolli bo'linmasi

Kurd qurolli bo'linmasi

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Xalqaro Amnistiya" tashkiloti G'arbdan yordam olayotgan qurollangan kurd kuchlarini Suriya shimolida yashovchi arab va turkmanlarni qishloqlaridan majburan siqib chiqarayotganlikda aybladi. Kurdlar o'zlariga qarshi da'volarni inkor etmoqda.

Suriya shimolidagi Husayniya qishlog'idan deyarli hech narsa qolmagan. "Xalqaro Amnistiya" vakillari u yerda avgust oyida bo'lib, barcha uylar buzilganini, yonib kul bo'lganini aytadi.

Sun'iy yo'ldosh vositasida olingan tasvirlar ham shuni tasdiqlamoqda.

Tashkilotning bildirishicha, "Islomiy davlat" guruhi bilan olishayotgan suriyalik kurd jangchilari Suluk shahri atrofidagi olti qishloqni vayron qilgan.

“Kurd harbiy va politsiya bo'linmalari qishloqlarni "Islomiy davlat"dan tortib olganidan so'ng aholini uylaridan haydab chiqarishgan, hatto shaxsiy buyumlarini olishga ham ruxsat berishmagan", - deydi "Xalqaro Amnistiya"dan Diana Seman.

Bosma va uning oilasi Tel Diyab qishlog'ida yashar edi. Ammo kurd kuchlari bosimi ostida u Turkiyaga qochishga majbur bo'ldi.

“Kurdlar mendan uyimizni qancha vaqt qurganimizni so'rashdi. "13-14 yil" dedim. Ular esa menga "bir soatdan keyin uyingdan hech narsa qolmaydi" deyishdi”, - deydi u.

"Xalqaro Amnistiya" tashkilotiga ko'ra, minglab odamlar, asosan arablar va turkmanlar uylaridan siqib chiqarilgan.

“Qishloqdagilarning ayrimlari hamqishloqlari orasida "Islomiy davlat"ni qo'llab-quvvatlagan bir necha odam bo'lganini va ular kurd jangchilari kirganidan so'ng guruh bilan chiqib ketganini aytishdi. Ammo kurdlar ularni deb butun qishloqni jazolashdi”, - deydi Diana Seman.

Kurdlar vakili bu ayblovlarni inkor etadi.

“Hudud jangarilardan tozalanmaguncha, vaziyat barqarorlashmaguncha, aholini jang maydonidan uzoqlashtirgan ma'qul. Biz odamlarni ataylab kuch bilan haydaganimiz yo'q", - deydi Redur Xalil.

Biroq "Xalqaro Amnistiya" tashkilotiga ko'ra, odamlarning uylari vayron bo'lgan va ularning qishloqlariga qaytib borishi amri mahol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG