Xalqaro Amnistiya: Yevropada musulmonlar kamsitilmoqda

  • Amerika Ovozi

Fransiyada musulmon ayollarning jamoat joyida yuzini to'sib ro'mol o'rashi taqiqlangan.

Fransiyada musulmon ayollarning jamoat joyida yuzini to'sib ro'mol o'rashi taqiqlangan.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining yangi hisobotiga ko’ra, Yevropada musulmonlar e’tiqodi bois diskriminatsiyaga uchramoqda. Kamsitish hollari nafaqat oddiy fuqarolar, balki hukumatlar tomonidan ham sodir etilmoqda.

Yevropaning ayrim mamlakatlarida hijob o’ragan musulmon ayollar va qizlar ish topishda yoki o’qishga kirishda muammolarga duch kelmoqda. Musulmon erkaklar orasida ham soqol qo’ygani uchun ishdan haydalayotganlar bor. Shuningdek, musulmon jamoalari uchun masjid qurishga hukumatdan ruxsat olish juda mushkul.

Xalqaro Amnistiya tadqiqotchisi Marko Perolini Yevropada musulmonlarga nisbatan adolatsizliklar ko’lami ortib borayotganini noto’g’ri stereotiplar bilan tushuntiradi.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti dunyo bo'ylab huquqlari poymol bo'lgan insonlarni himoya qilish maqsadida1961-yil Londonda tashkil etilgan.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti dunyo bo'ylab huquqlari poymol bo'lgan insonlarni himoya qilish maqsadida1961-yil Londonda tashkil etilgan.

“Yevropada bu din ahli haqida yanglish qarash va qoliplar ko’payib borayotganiga guvohmiz. Bu narsa nafaqat oddiy jamiyatda, balki hukumat va siyosatchilar faoliyatida ham ko’zga tashlanmoqda”, - deydi u.

Tadqiqotda Yevropaning, asosan, Belgiya, Niderlandiya, Ispaniya, Shveysariya hamda musulmonlari soni qit’ada eng ko’p Fransiya qamrab olindi. Qarshi kayfiyat bu o’lkalarda millatchi o’ng partiya va siyosatdonlarning ko’payishiga ham hissa qo’shayotgani aytiladi. Masalan, Fransiyada yakshanba kungi prezident saylovining birinchi bosqichida uchinchi o’rinni “Milliy Front” prezidenti Marina Le Pen egalladi. U ana shunday o’ng qanot siyosatchilardan.

Hisobotda Yevropa qonunchiligida musulmonlar huquqlarini poymol qiluvchi holatlar ham o’rganilgan. Masalan, Fransiyada ayollarning jamoat joyida niqob kiyishini hamda maktablarga qizlar hijobda qatnashini taqiqlovchi qonun inson huquqlari poymol etilayotganidan nishonadir, deyiladi hisobotda.

Unda yana yozilishicha, o’quvchilar maktablarga ro’molda qo’yilmasligi nafaqat Fransiyada, balki Belgiya, Ispaniya, Shveysariya va Niderlandiyada ham kuzatiladi.

Fransiyaning "Milliy Front" millatchi o'ng partiyasi yetakchisi Marina Le Pen jurnalistlar qurshovida.

Fransiyaning "Milliy Front" millatchi o'ng partiyasi yetakchisi Marina Le Pen jurnalistlar qurshovida.

“Maktablarda diniy yoki madaniy kiyimlarni taqiqlash masalasini alohida ko’rib chiqish kerak. Bunaqada musulmon qizlar uchun ta’lim imkoniyatini to’sishgacha boriladi, fikr va e’tiqod erkinligi poymol etiladi”, - deydi Xalqaro Amnistiya vakili Perolini.

“Diskriminatsiyaga uchramaslik, fikr, vijdon erkinligi – bularning barchasi fundamental huquqlar ekanini unutmaylik. Hukumatlar bu huquqlarni himoya qilish majburiyatiga ega”, - deydi Xalqaro Amnistiya rasmiysi.

Shveysariyada masjidlarda minora qurish taqiqlangan. Ispaniyaning Kataloniya viloyatida masjidlar sanoqli, yangilarini bunyod etishga qarshi kayfiyat kuchli ekani bois odamlar ko’chalarda namoz o’qishga majbur.

Hisobot xulosasi shuki, Yevropa hukumatlari musulmonlarga qarshi yanglish qarashlarni kamaytirish uchun chora ko’rishi lozim. Ayniqsa, musulmonlarning ta’lim va ishlash huquqlari ko’proq himoyaga muhtoj.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG