Markaziy Osiyoda avtoritar xotirjamlik, deydi yevropalik olim


G’arb, xususan AQSh va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati bugungacha nima samara berdi? Mintaqa kelajagida yirik qo’shni Xitoy qanchalik rol o’ynaydi? Bugungi manzara naqadar murakkab bo’lmasin, real vaziyatni to’g’ri baholay olish istiqbol uchun nihoyatda muhim. Shotlandiyaning Glazgo universitetida Markaziy Osiyo bo’yicha professor, italyan olim Luka Ancheski (Luca Anceschi) yaqinda Vashingtonda bo'lganida uni suhbatga tortdik.

G'arbdan ko’p narsa kutilgan edi

Uzoqni o’ylovchi strategiya ishga solinadi degan umidlar bor edi, afsuski, bunga guvoh bo’lmadik, deydi professor Ancheski.

“Siyosat markazida Afg’oniston emas, mintaqaning o’zi bo’lishi kerak edi. Bo’lmadi. Hamkorlik faqat hukumatlar bilan cheklandi. Muntazam muloqot qilish samarali hamkorlik garovi emas. Davlatlar bir-biri bilan gaplashayotgani xalq hayotini qanchalik yaxshiladi? Real vaziyatga qarab ish tutamiz deyishdi, lekin nima o’zgardi? Amerikaning nufuzi qanchalik oshdi? Javoblar qoniqarli emas”.

Markaziy Osiyoning har bir respublikasi bilan alohida dialog, yillik maslahat kengashlari – Obama ma’muriyati faxr bilan tilga oladigan jarayonlar. O’tgan sakkiz yil ichida erishilgan siyosiy yutuq, deya qayd etadi rasmiylar. Professor Ancheski fikricha esa rahbarlar o’zini shunday gaplar bilan aldaydi.

“Yevropa Ittifoqi ham 2007-yilda mana shunday tashabbus bilan chiqib, turli yo’nalishlarda muloqotni yo’lga qo’ygan edi. Gap sotildi lekin nima muammo yechildi? Tub masalalar, xususan liberalizatsiya va erkinlik bilan bog’liq muammolar hamon o’sha-o’sha. Hukumatlar bir-biri bilan gaplashayotganidan xursand. Avtoritar tuzumlar o’zini mustahkamladi. Borishdi-kelishdi. Cheklangan tarzda tajriba va bilim almashildi. Na Amerika va na Yevropa o’z qadriyatlarini yoyishni epladi. Maqsad agar shu bo’lgan bo’lsa, buning uddasidan chiqa olishmadi”,- deydi Ancheski.

Karimov va Nazarboyev yutdi

Qiyinchiliklar bor, deya tan oladi G’arb rasmiylari, lekin Markaziy Osiyo tinch, hech kim bir-biri bilan urushayotgani yo’q. Jahon e’tiborini talab qiladigan biror janjal yoki mojaro yo’q. Bu axir katta yutuq, deydi arboblar. Kelishmovchiliklarga qaramay o’zaro manfaatlar yo’lida birga ishlashayapti, masalan xavfsizlik bobida.

“Boshqaruv tizimidan tortib, sog’liqni saqlash va ta’lim, huquq va erkinlik sohalarida jamiyatlar ortga qarab ketdi”,- deydi olim.

Biroq G’arb bu muammolarni xalqlarning o’zlari hal etiishi kerak deb hisoblaydi. Bular ichki va mahalliy masalalar.

“Mening nazarimda G’arb mintaqada avtoritar tuzumlar hukmron ekanidan foyda ko’rayotgani uchun ham vaziyatga shunday qaraydi. Bugungi sharoitda siyosiy doiralar bilan o’zining tor va qisqa muddatni qamrovchi manfaatlari yuzasidan kelishishi oson. Bugun Markaziy Osiyoda avtoritar xotirjamlik hukmron. Aholi bilan kimning ishi bor? Yulg’ichlar boyib bormoqda. Qozog’istondan tortib, Turkmanistongacha. Elita pul qilib yotibdi. Jamiyat, xususan yoshlar, tarqoqlashgan, imkonsiz bir ahvolda”,- deydi Ancheski.

Jamiyatni rivojlantirish albatta mahalliy aholi zimmasida, deydi professor Luka Ancheski. Muammolar ko’lami kengligida, tabiiyki, hukumat va fuqarolar aybdor. Biroq tashqi kuchlar ham o’z mas’uliyatini anglashi kerak. Biror davlat bilan hamkorlik qilayapsizmi, o’sha xalq manfaatini ham unutmang, deydi Ancheski. Unutmayapmiz deb o’zingizni va boshqalarni laqillatishga ham urinmang, chunki tub muammolarni chetlab o’tayotganingiz ayon. Og’ir masalalarni nomiga tilga olayapsiz, yechimlar ustida o’ylanmayapsiz.

Qozog’istonga, masalan, erkinlik cheklanganiga qaramay, 2007-yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining raisligini berishdi. Respublikada huquqqa e’tibor pasaysa pasaydiki, oshmadi. Saylovlar hamon adolatsiz, sahnalashtirilgan tomosha. G’arb bir tomondan boshqaruvni yaxshilashda yordam beramiz deydi, boshqa tomondan esa shartlarni chetga surib, yakkahokimlarni quvvatlaydi, deya tahlil qiladi Ancheski.

Tuzumlar nazdida bugungi hayot muvaffaqiyat. Xalqni shunga ishontirishdi. Kuchli propaganda mahsuli bu. Muammolar talay, lekin yosh davlatlar shu kungacha bosib o’tgan yo’lini qadrlashi kerak; boriga shukur qilib yashash kerak; bundan ham battar bo’lishi mumkin edi, degan fikr shakllandi. O’zbekiston va Qozog’istondek yirik mamlakatlarda bu ayniqsa ko’p quloqqa chalinadi. Islom Karimov va Nursulton Nazarboyevdan keyin nima bo’ladi, deya xavotirlanadiganlar ko’p, xususan, G’arbda ham.

Bu respublikalarning rahbarlari yutdi, deydi Ancheski.

"Karimov va Nazarboyev birinchi va yagona prezidentlar. 25 yildan beri boshqarib kelmoqda, buni eplay oldi, deya maqtashadi ularni. Birinchi rahbar ekani ularning yutug’idir. Propaganda ish berdi. Aholini “mana shu eng yaxshisi va mendan boshqa hech kim sizni boshqara olmaydi” deya ishontira olishdi. Tashqi dunyo bilan aloqalarda ham o’zlarini shunday tasvirlashdi. G’arb ular bilan hamkorlik qildi. Ommaga esa bu “jahon bizni tan oldi” deya tushuntirildi”.

Diniy erkinlik?

Hukumatlar ekstremizmga qarshi yillardan beri keskin kurash olib bormoqda. Diniy erkinlikka cheklov sifatida ko’rilgan holatlar zarur choralar, deydi rasmiylar.

Professor Ancheski nazarida radikalizm mintaqa uchun eng dolzarb masala emas. Tuzumlar avtoritar-dunyoviy. Har bir respublikada rahbarlar dindan o’z manfaatlari yo’lida foydalanishni odat qildi. Terrorizmga qarshi chora degan bahona bilan tizginni mahkamladi. Ulamolardan qo’llandi. Lekin dinni boshqaruvga yaqinlashtirmadi. Islom madaniyatning bir qismi, deya targ’ib qilindi. Biroq aholining islom olamiga u qadar yaqinlashishiga yo’l qo’yilmadi. Masalan, Turkmaniston singari davlatlar yiliga atigi 50-60 odamni hajga yubordi. Chet elda islomni o’rganayotganlar elakdan o’tkazildi. Diniy faoliyat qattiq nazorat qilindi.

Lekin mintaqadan yuzlab jangarilar chiqdi. Yoshlar terror guruhlariga qo’shildi. Bu jarayon to’xtamagan. Ancheski nazarida ular katta sonda emas va hammasiga ham ekstremist deb qarash noto’g’ri. Ketayotganlar imkoniyat izlab chiqdi; jangari guruhlar ularni urush uchun emas, boshqa ishlarga, masalan, oshpaz yoki haydovchi sifatida yollagan hollar ko’p, deydi mutaxassis, o’z izlanishlariga asoslanib.

Repressiya pasaysa, ish o’rinlari ko’payib, odamlar maoshga kun kechira olsa, millionlab fuqaro o’z vatanida jon deb qoladi, deydi olim. Birinchidan, deydi Ancheski, radikalizm u qadar keng emas. Ikkinchidan, uning ildizi tub ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga borib taqaladi. Yechim tuzum qo’lida, deydi olim.

Xalqaro maydonda tanilgan "ekstremistlar"

G’arb uchun diniy erkinlikni targ’ib qilish tobora qiyin. O’zbekistondan chiqqan muhojirlardan bir nechtasi hozir Amerika hibsxona va turmalarida o’tiribdi. Bari ekstremizmda ayblangan yoki aybdor deb topilgan shaxslar.

Ancheski fikricha, tashqi dunyodan diniy erkinlikni quvvatlash bobida yordam kutish qiyin. Chunki davlatlar o’z manfaatini o’ylaydi. Markaziy Osiyo rahbarlari radikalizm jiddiy muammo deyishda davom etadi. Amerika singari e’tiqod erkinligini buyuk qadriyat deb bilgan tomonlar esa uning targ’ibotini vaziyatga moslayveradi, deydi ekspert.

Qanaqa integratsiya?

G’arb Markaziy Osiyoni birdamlikka, integratsiyaga undab keladi. Suhbatdoshimiz u kunlar hali-beri kelmasa kerak, deydi.

“Mamlakatlar orasida tijorat ko’lami juda past. Tijoratsiz integratsiya bo’lmaydi. Hozirgi hukmron doiralarda bunday niyat yo’q. Aks holda shuncha yillardan beri juda bo’lmaganda bitta mintaqaviy organ tuzilgan bo’lar edi”,- deydi Ancheski.

“Kollektiv muammolar juda ko’p, ular kollektiv yechimlar talab qiladi. Iqlimdagi o’zgarishlar, suv taqsimoti, energetika… Besh davlat muhokama qilishi kerak bularni. Hozirda mintaqa bo’ylab millionlab dollarga yangi infrastruktura barpo etilmoqda, lekin ulardan kim nima maqsadda foydalanishi mavhum. Savdo kengaymasa, talab bo’ladimi bu yangi tizimlarga?”

Mutaxassis deydiki, bu qurilishlar huzurini elita ko’rmoqda, talab yo’q narsalarni qurib ular pul qilmoqda.

Xitoy, Xitoy va yana Xitoy

Mintaqa kelajagi Xitoy bilan, bu davlat uning istiqboli uchun nihoyatda muhim degan qarash g’arbu-sharqda birdek keng tarqalgan. Bu haqiqatga qanchalik yaqin? Xitoy ta’sirini qanday o’lchash mumkin?

“Xitoydan foyda bor, albatta, masalan hozir bu davlat puli bilan yangi yo’llar, tizimlar qurilmoqda. Biroq Xitoy kelib ish o’rinlari yaratib beradi deb kutish xato. Ular yo’llar yoki aloqani yaxshilashda ko’maklashadi. Xitoy o’z maqsadlarini ko’zlaydi. U o’ziga G’arb tomon yangi yo’llar ochmoqda. Sizning davlatingiz to’g’rilamagan yo’llar shu bahona bilan yaxshilanadi, lekin Pekindan mo’jiza kutmang. Turkmanistondan Xitoyga boradigan yangi quvurni olaylik. Xitoyga gaz kerak. Shu bois yangi tizim vujudga keldi. Bu yerda foydani asosan Xitoy va u bilan kelishgan rahbarlar ko’rmoqda, xalq emas. Pekin siyosiy qarorlarga ta’sir qilishga urinmayapti, bunday maqsad ham yo’q. Xitoy tekinga hech narsa qilmaydi. Turkmaniston yangi quvur haqqini gaz bilan to’layapti. Rahbarlar uchun eng muhimi o’z qudratini saqlash”,- deydi professor.

G'arb va Sharq orasida ko'prik?

Qozog’iston Yevrosiyoning ajralmas qismi bo’lish niyatida. Bu haqda kitob yozayotgan Ancheski tahlilicha, respublika bir paytning o’zida ikki maqsadni ko’zlaydi. Bir tomondan Yevropaga yaqinlashish, ikkinchidan esa Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirgan holda uning changalidan saqlanish. Bu tashabbus Nazarboyevdan keyin qay tomon yo’naladi, bilmaymiz, deydi olim, chunki g’oya – yakkahokimniki.

Qozog’iston g’arbu sharq orasida ko’prik bo’lish orzusida, lekin ko’prikni kim quradi? Xitoy qurmoqda. Ommaga buni davlatning xizmati deb ko’rsatishadi. Rahbariyat jarayonni o’zi xohlagan so’zlar bilan tasvirlab turibdi. G’arb biror ishni eplasa, Qozog’iston unga yaqinlashmoqda, deya talqin qilinadi. Sharqdan biror naf bo’lsa, bu ham Qozog’iston “to’g’ri yo’ldan ketayotganidan darak” deya tushuntiriladi. Propagandani eplasangiz bas.

Markaziy Osiyo AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Xitoy singari yirik kuchlar bilan ishlashda o’z tajribasiga ega va rahbarlar ularning har biri bilan muayyan maqsad ustida kelisha olishiga qayta-qayta guvohmiz, deydi Ancheski. Xalqaro quvvatlov kerak bo’lganida, har bir respublika rahbariyati uni qo’lga kirita oldi. Hatto, o’zini neytral deb bong uradigan Turkmaniston ham.

Ashgabat hammani laqillatdi

Turkmanison uchun neytrallik strategik qurol, deydi Ancheski. Ichki ishlaringizga hech kim aralasha olmaydi. Tuzumga hech kimni yaqinlashtirmaysiz. Ashbagatga kerak bo’lsangiz, o’zi boradi va shartlarni o’zi qo’yadi. Kelishuvga o’zi bilganicha amal qiladi va uni savolga tuta olmaysiz. U o’z xohishi bilan izolyatsiyada. Xohlagan paytida siz bilan hamkorlik qiladi, boshqa payt eshik yopiq. Rahbarga hech kim tegmaydi, deya tahlil qiladi Ancheski.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG