HRW: Xalqaro hamjamiyat Andijonni unutmasligi kerak

  • Amerika Ovozi

AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa yetakchi davlatlar, blok va tashkilotlar O'zbekistonda 11 yil oldin yuz bergan fojia - Andijon shahrini qaqshatgan qonli voqealarni unutmasligi darkor, deya eslatmoqda Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" (HRW) inson huquqlari tashkiloti.

O'zbekiston hukumati "Andijon ishi" yopilganini qayd etib, bu boradagi savol va tanqidlarga javob bermaydi. Fojia yuzasidan BMT boshchiligida mustaqil tergov o'tkazilsin degan taklif rad etilgan. Toshkent pozitsiyasi shuki, 2005-yilning 12-13 may kunlari sodir bo'lgan hujumlar va undan keyingi voqealar o'sha paytda tekshirilgan, tergov qilinib, sudda muhokama qilingan va javobgarlar jazosini olgan.

HRW, mamlakatdan 2010-yilda quvilgan huquq tashkiloti nazarida, O'zbekiston agar haqiqatdan qo'rqmasa, xalqaro hamjamiyatga bu voqealarni mustaqil holda o'rganish uchun imkoniyat yaratib berishi kerak edi va buning uchun hozir ham kech emas.

Jabrdiydalar haqiqat tan olinib, adolat ta'minlanishini istaydi, deydi Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), HRWning Markaziy Osiyo bo'yicha direktori.

"Vashington va boshqa siyosiy markazlarda o'tirgan rahbarlar O'zbekiston bilan hamkorlik xususida bosh qotirganida respublikada huquq va qonun amaliyoti naqadar ayanchli ekaniga ko'z yummasligi lozim",- deydi Sverdlov.

O'zbekiston, deydi u, mahbuslar muntazam ravishda qiynoqqa solinadigan, uzviy erkinliklar uzluksiz poymol etiladigan, korrupsiya va yulg'ichlik chuqur ildiz otgan, davlat xalq oldida o'zini biror jihatdan javobgar his etmaydigan jamiyat. Tuzumni tanqid qilganlar bosim va tazyiqqa uchraydi, bedarak yo'qoladi, qamaladi yoki boshqa yurtdan boshpana so'rashga majbur bo'ladi, deya izohlaydi Sverdlov.

HRW va huquq bo'yicha boshqa organlarning bu kabi bayonotlariga tuhmat va uydirma deb qaraydigan O'zbekiston hukumatiga ko'ra esa 2005-yilda Andijondagi qamoqxonaga qurolli shaxslar, terroristlar, hujum qilgan. 20 dan ortiq mahbus ozod etilib, soqchilar o'ldirilgan; ertasiga esa shaharda davlat idoralariga bostirib kirilib, buzg'unchilik va qonli xurujlar amalga oshirilgan.

Huquq himoyachilari va mustaqil axborot vositalari Andijonda qurolli hujum bo'lganini inkor etmaydi. Muammo bu hujum ketidan shaharda yuzaga kelgan beqarorlikka, minglab odamlar qatnashgan namoyishlarga qurolli kuchlar orqali javob berilganida, begunoh odamlar qirib tashlanganida, deya bildiradi xalqaro tashkilotlar.

Hukumat qariyb 180 kishi o'lgan, jumladan harbiylar va ichki ishlar xodimlari, deya bayon etgan. Xalqaro tashkilotlar va huquq himoyachilari 500-1000 kishi halok bo'lgan deya taxmin qiladi. Andijonda ertasiga qazilgan qabrlarni hisoblab chiqqan faollar deydiki, davlat asl raqamlarni yashirgan va tan olmaydi.

G'arb, xususan, AQSh va Yevropa Ittifoqi Andijondagi voqealarni qirg'in deya baholab, hukumat tutgan yo'lni qoralab chiqqan, Islom Karimov boshchiligidagi rahbariyatga sanksiyalar qo'yilgan. Lekin keyinchalik ular olib tashlandi va Toshkent bilan strategik manfaatlar yo'lida murosa qilindi.

Afg'onistondagi harbiy maqsadlar huquq va adolatdan yuqori qo'yilgani vijdonsizlik, deb keladi HRW singari tashkilotlar.

G'arb diplomatlarining javobi shuki, inson huquqlari bilan bog'liq muammolar e'tibordan chetda qolmaydi va O'zbekiston hukumati bilan bu borada ochiq muloqot tinmagan.

13-may kuni AQShning Toshkentdagi elchixonasi fojiani eslab bayonot berdi:

“Bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘n bir yil muqaddam Andijonda yuz bergan voqealarni yodga olar ekan, o‘sha voqealarda va ularning oqibatida jabr chekkanlarga o‘zining chuqur hamdardligini qayta izhor etadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari yarashuv, javobgarlik va barcha fuqarolarning huquqlariga rioya qilishga muntazam ravishda chaqirib keladi, chunki bu kelgusida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun eng yaxshi vositadir”.

Andijon voqealari ketidan ko'plab xalqaro tashkilotlar mamlakatdan haydaldi, nohukumat organlar yopildi, fuqaro jamiyati bo'g'ildi. Bugungi kunda O'zbekiston hukumati o'z "nohukumat tizimi" ga ega. Shuning o'zi ham erkinlik naqadar cheklanganiga yaqqol misol, deydi vatanni tark etgan faollar.

O'zbekistonda minglab diniy mahbuslar va o'nlab siyosiy mahbuslar borligi taxmin qilinadi. Diniy mahbuslar - radikalizm va terrorizmda ayblanib qamalganlar, siyosiy mahbuslar esa tuzumga qarshi chiqqani uchun sudlangan fuqarolar.

Hukumat diniy yoki siyosiy mahbus degan tushunchalarni asossiz deb biladi va rasmiylarning aytishicha, qamoqda o'tirganlarning barchasi - aybi isbotlangan fuqarolar, jinoyatchilar.

HRW o'nlab siyosiy mahbuslar taqdiriga diqqat qaratib, ularning ishi qayta ko'rib chiqilishi kerak, ayrimlarini darhol ozod etish lozim, deya undab keladi. Toshkent bu chaqiriqlarga javob bermaydi.

Hukumat Andijon voqealarida akromiylar degan oqimni ayblagan. Bu harakat rahnamosi Akrom Yo'ldoshev, taqvodor tadbirkor, 1999-yilda qamoqqa olingan. 2005-yilda Andijonda qamoqxonaga bostirib kirilganida uning izdoshlari ozod etilgani aytiladi.

Yo'ldoshevning 2009-yildan beri daragi yo'q edi, lekin 2016-yilning boshida bu shaxs 2010-yilda sildan vafot etgan degan xabarlar paydo bo'ldi. Hukumat bu borada lom-mim demadi. HRW hamon hisobot talab qilmoqda. Mahbuslar taqdiri haqida axborot bermaslik xalqaro qonunlarga ziddir va rahbariyat Yo'ldoshevga nima bo'lganini bayon etishi shart, deydi tashkilot vakili Sverdlov.

Akromiylarning bir guruhi Amerikadan siyosiy boshpana olgan, jumladan Akrom Yo'ldoshevning oilasi. So'nggi yillarda ular bu masala va umuman O'zbekistondagi vaziyat va o'z taqdirlari yuzasidan sukut saqlashga qaror qilgan.

Qo'rqinch - eng asosiy sababi, deydi ular bilan muloqot qilib turadigan Sverdlov. Odamlar O'zbekistondagi yaqinlarini o'ylaydi, ular hukumat qanchalik shafqatsiz ekanini ko'rgan va biladi, deydi ekspert.

O'zbekiston - hamkor davlat, deya bong uradigan AQSh va boshqa tomonlar respublika kelajagi va xalqi uchun rostdan ham qayg'ursa, mamlakatga BMT tekshiruvchilari kirishi uchun harakat qilishi lozim, deya tavsiya qiladi HRW.

G'arb davlatlari va xalqaro organlar O'zbekistonda so'z va matbuot erkinligi ta'minlanishi, adliya tizimi islohoti, real fuqaro jamiyati qurilishi yo'lida hissa qo'shsin, deyiladi Andijon voqealarining 11 yiligi yuzasidan HRW bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG