Andijon fojeasining 10 yilligi qanday xotirlanmoqda?


2005-yilning 13-mayida Andijonda sodir bo'lgan qonli hodisalarga roppa-rosa 10 yil to'ldi. Yuzlab odamlar o'limi, yuzlab qochqinlar, yana yuzlab kishilarning qamoqqa tashlanishi bilan yakun topgan bu fojea tafsilotlari hamon mavhum. O`zbekiston hukumati bu qonli sahifani yopilgan deb hisoblaydi, lekin xalqaro jamoatchilik va o`zbek faollarida qirg'in yuzasidan adolatli tergovga umid so`nmagan.

O'zbek matbuotidan faqat "12news.uz" sayti 10 yil avvalgi hodisalarni eslab o'tdi. Bu xabar AQSh elchixonasining shu munosabat bilan tarqatgan bayonotiga asoslangan.

"2005-yil 13-mayda Andijonda yuz bergan voqealarning o'n yilligi munosabati bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o'sha voqealar tufayli halok bo‘lgan yoki jabr chekkanlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi. Biz O‘zbekiston bilan ko‘plab mushtarak maqsadlarga egamiz hamda javobgarlik, yarashuv, demokratik islohotlar va inson huquqlarini himoya qilishni rag‘batlantirishga sodiq qolamiz. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonni inson huquqlari bo‘yicha milliy va xalqaro majburiyatlarini to‘liq bajarishga chaqirishda davom etmoqda",- deya bildiradi elchixona.

Elchixona o'shanda o'z yaqinlarini yo’qotganlarga hamdardlik bildiradi. O’zbekistonni inson huquqlari bo’yicha xalqaro talablarni bajarishga chaqirishda davom etishi aytiladi.

"12news.uz" sayti Andijonda bir guruh qurolli odamlar terrorchilik xuruji uyushtirgani, hukumat kuchlari o’tkazgan aksilterror amaliyotida 94 ta terrorchi yo’q qilingani, ko’plab qurol-yarog’ musodara qilingani haqida qo’shimcha qiladi. Rasmiy ma’lumotlarga tayanib 187 kishi o’lganini qayd etgan nashr qolgan qurbonlarning kim ekanligini aniqlashtirmagan.

Bu xabar, odatda, fojeani chetlab kelgan o’zbek matbuoti uchun farqli ko’rsatkich, ammo yagona nashrdagi shu qisqa xabardan tashqari Andijonning o’zida yuzlab odamlar otib tashlangani haqida xalq deyarli hech narsa bilmaydi.

Qirg’in yuzasidan adolatni tiklash, javobgarlarni jazolashga chaqirish, qurbonlarni yod olish kabi tadbirlar mamlakatdan tashqaridagi o’zbek jamoatchiligi tomonidan o’tkazib kelinadi.

Bu yil o’zbek jamoatchiligi o’tkazayotgan tadbirlar sanoqli.

Muxolifat faollari, Shvetsiya jamoatchiligi vakillaridan iborat kichik bir guruh Stokgolmda xotira aksiyasi o'tkazdi. Tadbir ishtirokchisi Po’lat Oxunovga ko’ra, namoyish ortidan shved siyosatchilari bilan O’zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat yuzasidan fikr almashish ham rejalangan.

“O’tyuraklar” klubi rahbari Mo’tabar Tojiboyeva Bryusselda Yevropa Parlamentida o’tgan yig’ilishda qatnashgan. "Human Rights Watch" va Xalqaro Amnistiya guruhlari tashkillashtirgan bu tadbirda deputatlarga qirg’in yuzasidan ma’lumot berilgan.

“Yevropa Parlamentida qiziqish bor, tadbirda ishtirok etgan deputatlar ham Andijon fojeasi yuzasidan mavjud sukut, diktator Islom karimov bilan hamon hamkorlik davom etib kelayotgani haqida achinib gapirishdi. Asosiysi, 2014-yil Yevroparlamentda O’zbekiston bo’yicha qabul qilingan rezolyutsiya talablarini bajarishga chaqirish bo’yicha gaplashildi. Bugun mana 13-may kuni, afsuski, Yevropa Ittifoqida Andijon fojeasi haqida biror bir so’z, eslash ham yo’q, bunday narsa bildrilmas ham ekan”, - deydi Tojiboyeva.

Xorijdagi o’zbek faollaridan tashkil topgan “Muqobil O’zbekiston” kengashining Bryusselda rejalagan norozilik aksiyasi amalga oshmagan. Shuningdek, o’zbek muxolif partiyalari tomonidan biror bir xotira tadbiri o’tkazilgani haqida ham ma’lumotlar yo’q.

2005-yilda 500 dan oshiq andijonlik qochqinlikka yuz tutgan edi. Ularning aksariyati Yevropa davlatlaridan boshpana topdi. Dastlabki yillarda siyosiy faoliyat boshlagan andijonlik qochqinlar, so’nggi yillarda Toshkent tomonidan ko’rsatilgan tazyiqlar bois bu faoliyatni to'xtatdi, sukut saqlashga mahkum etildi.

Xorijda yashovchi jurnalist Ulug'bek Bakirov asli andijonlik, u adolat o'rnatilishi nafaqat jinoyatchilarni jazolash, balki o'zbek jamiyati kelajagini aniqlash uchun ham muhim, deb hisoblaydi.

“Albatta, adolat tiklanishi kerak, adolat tiklanishidan tashqari, bu ramziy ma’noga ham ega. Ya'ni, O’zbekiston xalqini ozodlikka, o'z taqdirini o’zi belgilashga bo'lgan urinishning ramzi desak ham mubolag'a bo’lmaydi. Bu fojeaning ikki tomonida turgan kuchlarning maqsadlari qanday bo'lgani, voqealar qanday boshlangani, yakun topgani, o'rtadagi talofatlar qanchaligini, albatta, endi faqat vaqt ko'rsatadi. Afsuski, hozircha adolat tiklanmayapti,” - deydi Bakirov.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Andijon hodisalarini ommaviy qirg'inga qiyoslagan. Mustaqil tergov o'tkazish yuzasidan xalqaro miqyosda bildirilayotgan talablarga javoban, rasmiy Toshkent BMT anjumanida Andijon masalasi O’zbekiston uchun yopilganini e’lon qilgan edi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Inson huquqlari byurosi tarqatgan bayonotda yana bir bor rasmiy Toshkentni xalqaro ekspertlar ishtirokida tergov o'tkazishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG