Andijon fojiasi - mustaqil O'zbekiston tarixidagi eng qonli voqea


Mustaqil O’zbekiston tarixidagi eng qonli voqea - Andijon fojiasiga 11 yil bo’ldi. Tafsilotlar hamon mavhum. Mustaqil tekshiruv o’tkazilmagan. Otishmalarni terrorchilik harakati sifatida baholagan hukumat unda diniy ekstremistlarni aybdor sanaydi.

2005-yilning 12-13 may kunlari Andijonda kuzatilgan norozilik namoyishida 700 odam o’ldirilgani taxmin qilinadi. Davlat hisobi bo’yicha 200 ga yaqin odam halok bo’lgan.

Inson huquqlari tashkilotlari bu voqeani oddiy qilib qirg’in yoki qatliom deb ataydi. Uni unutmaslikka chaqirib kelayotgan faollar adolat baribir qaror topadi degan umidda.

Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva fikricha, bu qirg’in muddati o’tmaydigan jinoyatlar sirasiga kiradi va uning uchun jazo muqarrar.

“So’nggi 25 yil ichidagi eng yirik fojeada ko’plab odamlar qurbon bo’ldi, ko’plar qamaldi, yana ko’plar o’q yomg’iri ostidan qochib chiqishdi. Bedarak ketganlar qancha. Bu qurbonlar taqdiri hamon noma’lum. Shu munosabat bilan xalqaro jamoatchilikka ham murojaat qilmoqchimiz. Andijon fojiasini unutish mumkin emas. Huquq himoyachilari uni unutgani yo’q, Andijon muhokamalarda doimiy diqqatda”, - deydi Atayeva.

O’zbekiston hukumati Andijon voqealarini mamlakatning ichki ishi deb hisoblaydi. Uning yuzasidan xalqaro tergov o’tkazish talabi rad etilgan. O’zbekiston inson huquqlari milliy Markazi direktori Akmal Saidov BMTda bir necha bor qayd etganidek, Toshkent uchun Andijon ishi allaqachon yopilgan.

Andijonda qamoqxonaga hujum qilingan, bir necha kishi o’lgan, ertasiga esa olomon ko’chaga chiqqan. Prezident Islom Karimov shaharga kelibdi, xalq bilan gaplashar ekan deb markaziy maydonga borgan fuqarolarning ko’pi o’sha kuni qurolli kuchlar o’qidan o’lgan, deydi guvohlar.

Hukumat talqiniga ko’ra, Andijonda islomiy xalifat barpo etishni ko’zlagan “Akromiylar” va xorijdagi ekstremistik guruhlar til biriktirgan holda terror xuruji uyushtirilgan. Lekin shahar markaziga yig’ilgan olomon nima sabab o’qqa tutilgan? Bu savolga javob yo’q.

Voqea ketidan matbuot anjumani o’tkazgan o’sha paytdagi Bosh prokuror Rashid Qodirov yuzlab odamlar o’ldirilgani haqidagi ma’lumotlarni bo’rttirma deb atagan.

Prezident Karimov ham Andijon voqealari haqida oxirgi marta bafurja 11 yil oldin gapirgan. Fojia ketidan yuzlab odamlar sudlangan va qamoqda.

Xalqaro tashkilotlar nazarida namoyishlarning kuch bilan bostirilishi O’zbekiston hukumatini dunyodagi eng repressiv hukumatlardan biriga aylantirdi. BMT miqyosida u ommaviy qirg'inga qiyoslangan.

500 nafardan oshiq andijonliklar avval Qirg’izistonda yashadi, keyin esa turli mamlakatlardan boshpana oldi. “Andijon: Adolat va Tiklanish” degan tashkilot tuzilgan edi. U oldin muxolifatga o’tdi, keyin esa tugatildi.

Nadejda Atayeva deydiki, qochqinlar sukut saqlayotgani vatanda ularning yaqinlariga qilinayotgan tazyiq va kuzatuv bilan bog’liq. Hukumat ko’plab shaxslarni “Interpol” xalqaro politsiya qidiruviga bergan.

“10 yildirki, “Interpol”ning qidiruv ro’yxatidan taniqli huquq himoyachilari Lutfullo Shamsiddinov, Muzaffarmirzo Ishoqov olib tashlanmayapti. Andijon qirg’ini paytida ular jamoatchilikni fojiadan xabardor qilgan. Keyinchalik hibslar tahdidi ostida mamlakatdan qochishga majbur bo’lishgan. Umuman namoyishga aloqador ko’rilgan andijonliklar ichkarida bo’lsin, tashqarida bo’lsin, o’ta yopiq tarzda hayot kechirishga mahkum qilingan”, - deydi Atayeva.

Andijon qochqinlarining ayrimlari so’nggi yillarda O’zbekistonga qaytdi, chunki ularning vatandagi yaqinlari bosim ostida qolgan. Boshqalar esa keksaligi yoki oila a’zolari O’zbekistonda ekani uchun yurtga qaytgan. Milliy xavfsizlik xizmati bosimi ostida vatanga kelib, darhol qamoqqa olinib, sudlanganlar ham bir necha kishini tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG