Vashingtonda Andijon voqealari xotirlandi


Vashingtonda Andijon fojeasi xotirlandi

Vashingtonda Andijon fojeasi xotirlandi

Andijon voqealarining 5 yilligi xotirlanar ekan, O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi qarshisida bir guruh faollar piket uyushtirdi. Ular orasida 2005 yilning 13 mayida hukumat kuchlari o'qidan qochib, vatanni tashlab chiqishga majbur bo'lgan qochqinlar ham bo'ldi.

Faollar Vashintonga turli shtatlardan keldi. AQShda yaqinda siyosiy boshpana olgan mustaqil jurnalist Toshpo'lat Yo'ldoshev Missuri shtatining Sent-Luis shahridan 1400 kilometr yo'l bosib keldi.



"Biz o'zimizning piketimiz bilan, namoyishkorona chiqishimiz bilan Andijon voqealarini mustaqil xalqaro komissiya tekshirishini, u yerda kim odamlarni otib tashladi, kimlar qurollar bilan chiqdi, kimlar harbiy garnizon va turmalarni bosib oldi - shularning oshkor etilishini talab qilamiz. Shu bilan birga Islom Karimovning iste'foga chiqishini talab qilamiz".

Andijondagi qirg'indan qochib, avval Qirg'iziston, so'ng Ruminiyada qochqinlar lagerida bo'lib, 2006 yilda AQShga keltirilgan andijonliklar tashkilot tuzib, qirg'in haqida ko'rgan-bilganlarini oshkor qilmoqchi. Tashkilot a'zosi Mirzohid Sultonov o'sha mash'um kun akasini yo'qotgan.

"O'zimning akam 13 may kuni halok bo'lgan. Ko'kragiga o'q tekkan ekan. O'zim ko'rmadim. Dadam bu voqealardan bir yil o'tib olamdan o'tdi. Ko'risholmadik. Shu voqealar ketidan dadamni chaqirishib, ancha bezovta qilishgan. Hozir oilamiz O'zbekistonda. Faqat ayollar qolganiga qaramay, ularni ham har oyda chaqirib, suhbatlashib turishadi".

O'zbekiston hukumati Andijonda namoyish qilganlarni va vatanni tark etgan qochqinlarni akromiylar deb ataydi. Ogayo shtatida ularning 40 qa yaqini yashaydi. Yusuf ismli yigit Mirzohid Sultonov kabi Vashingtonga Ogayoning Akron shahridan kelgan. ""Akromiylar" iborasini birinchi bo'lib Amerikada eshitdim. Uni O'zbekiston hukumati o'ylab topgan," deydi.

"Men "akromiy" degan narsani umuman eshitmagan ekanman oldin. Hayron qoldim. O'rtoqlarimdan "nima degani bu" deb so'rasam, kulishyapti "biz ekanmizda "akromiylar"."

Hukumat, shuningdek, 2005 yil 13 mayida o'lganlarning ko'pi terrorchi bo'lgan, deydi. Yusufning kinoya qilishicha esa O'zbekistonda prezident Islom Karimov pashshani ham uchirmaydi.

Elchixona qarshisidagi piket juda oz sonli bo'ldi. Vashington va uning atrofida istiqomat qilayotgan taniqli muxolifatchilar unda qatnashmadi. Piket tashkilotchisi, Karimov hukumatiga qarshi nozo'ravon usullar bilan kurashishni maqsad qilgan "Birdamlik" tashkiloti faoli Baxtiyor To'ychiyevning aytishicha, bugunga kelib G'arb va Amerikaning Andijon voqealari va O'zbekistondagi huquq ahvoliga diqqati susaygan.

"Qirg'izistonda bo'lib o'tgan inqilobda barcha davlatlar AQSh va Yevropani shaxsiy manfaatlari ketidan inson huquqlariga e'tibor bermaganlikda aybladi. Balki shuning uchun bo'lsa kerakki, muxolifatning faolligi pasaydi".

Baxtiyor To'ychiyev ham andijonlik. Mamlakatdan 2007 yilda chiqqan. 13 may kuni o'lganlar soni matbuotda O'zbekiston hukumati propagandasi ta'siri ostida kam ko'rsatilmoqda, deydi.

"Men shaxsan o'liklarni ko'rganman. Ertasiga chiqib, "o'liklar olib chiqib ketilsin" degan buyrug'dan xabar topdim. Men jiyanimni qidirib borgandim. Morglarda bo'lib, 2700-raqamli jasadlarni ko'rdim. Ular yangi surpga o'ralgan edi. Kasalxona va klinikada o'liklar juda ko'p edi. Odamlarni bir-birining ustiga tashlab qo'yishgan ekan".

Yusuf Andijonda tadbirkor bo'lgan. Amerikada ham hamshaharlari bilan sevgan mashg'ulotini davom ettirmoqda. Akronda oshxona ochishgan. Ishlab chiqarishni ham yo'lga qo'yishmoqchi. Amerika tadbirkorlar uchun yaratilgan, deydi Yusuf.

"Amerikada nima ish qilmoqchi bo'lsangiz, barcha sharoitlar mavjud. O'zbekistonda esa biznesni ochaman deganingizdan boshlab tekshir-tekshir boshlanadi. Hujjatlaringizning hammasi joyida bo'lishiga qaramay. O'zbekistonda qonunlar shunqa ishlanganki, qonuniy ish qilishning iloji yo'q".

Piket ishtirokchilarining barchasi bir kun kelib O'zbekistonda siyosiy vaziyat o'zgarishiga, vataniga qaytib oilasini ko'rish uchun imkon tug'ilishiga umid qiladi.

XS
SM
MD
LG