Qochqinlar: Qirg'inning yangi to'lqini boshlanishi mumkin


Bu insonlar uchun vatanga qaytish o'lim bilan yuzlashish demakdir. Hammaning fikru-xayoli u yerda qolgan yaqinlarida.

Bu insonlar uchun vatanga qaytish o'lim bilan yuzlashish demakdir. Hammaning fikru-xayoli u yerda qolgan yaqinlarida.

O’sh va Jaloloboddagi qirg’inlar tufayli O'zbekistonga qochib o'tgan minglab insonlarning bir qismi Qirg'izistonga qaytmoqda.

Ular asosan O'zbekiston bilan tutash chegara hududlaridan. Lagerlar ma'muriyati qaytish-qaytmaslik qochqinlarning o'zlariga havola deydi. Lekin O'zbekiston ularga vaziyat sal o’nglanishini kutishni maslahat bermoqda.

Qochqinlarning aytishicha, uyali telefonlar orqali qirg'izlardan tahdidlar kelmoqda

Qochqinlarning aytishicha, uyali telefonlar orqali qirg'izlardan tahdidlar kelmoqda

Andijon viloyati Marhamat tumanining Qiziloyoq qishlog'ida joylashgan qochqinlar lageri to'rt mingga yaqin odamni qabul qilgan. Hozir bu lagerda qariyb 700 oila qolgan. Qochqinlar o’tgan ikki kun ichida vatanga qayta boshlashgan.

Ulardan birining aytishicha, bu qarorga Qirg'izistonda qolgan yaqin qarindoshlar bilan maslahatlashgan holda kelinmoqda. O'zbekiston rasmiylari qochqinlardan o'z ixtiyori bilan qaytayotgani haqida ariza yozdirib olmoqda.

Qochqinlar avtobuslarda Marhamat tumanidagi Chekobod chegara postigacha olib borilayapti. Aytishlaricha, ularning Qirg’izistonga kirishiga hech kim to’sqinlik qilmayapti.

Lekin O'sh va Jalolobod hududlaridan kelgan qochqinlar u yer hamon notinch ekanini eslatadi.

Qochqinlarni chegara postlariga eltib qo'yayotgan avtobuslar

Qochqinlarni chegara postlariga eltib qo'yayotgan avtobuslar

“O'zbeklar yashaydigan joylarda hech narsa qolmadi. Maktablarimiz, kafe-restoranlarimiz, hatto filarmoniyaga o't qo'yildi. Qirg'izlarniki bo'lsa, “qirg’izniki” deb yozib qoyishayapti. Unga hech kim tegmayapti. Hozir 22 iyunda yana ko’tarilish boladi degan gaplar yuribdi. Shunga erkaklarimiz “o’sha yoqda tinch o’tiringlar” deb aytishayapti”, - deydi o’shlik ayollardan biri.

Lagerlardagi qochqinlar qirg’izlar tomonidan hamon uyali telefon orqali, SMSlar bilan tahdidlar qilinayotganini aytadi.

“SMSlar yuborishayapti, tahdid haqoratlar bilan. “Kelsang, ochdan o’lasan, sartlar”! - degan. Demak telekomlar ham ular tomonidan egallangan. O’zbeklarning raqamlarini bilib yuborishayapti”, - deydi yana bir o’shlik ona.

Yaqinlarni qochqinlar ro'yxatidan qidirib...

Yaqinlarni qochqinlar ro'yxatidan qidirib...

O'sh va Jaloloboddagi qirg’inlarda bedarak yo'qolgan qarindoshlarini qidirayotganlar juda ko'p. Ular o'z yaqinlarini viloyat kasalxonalari yoki vodiy bo'ylab qochqinlar joylashgan lagerlardan topish umidida.

Kimdir topgan ham, yana kimdir esa tirikmi yoki o’lik deya yuragini hovuchlab o’tiribdi. Qochqinlar zo'ravonliklar avjga chiqqan paytda o'ldirilgan o'nlab o'zbeklar nom-nishonsiz, yoppasiga ko’mib yuborilganini aytadi.

“Kichkina bolalarni o'ldirib, chopib tashlashdi. Odamlarni o'ldirib, traktorlarga ortib, ekskavator bilan kovlab, ko'mib tashladi, xuddi axlatni ko'mgandek. Buni o’z ko’zimiz bilan ko’rdik", - deydi qochqinlardan biri.

“Bizning bolalarimiz qachongacha egilib yashaydi? Bemalol ko'chaga chiqolmasa”, - deya yig’laydi bu ona.

O'zbekistonda 75 mingga yaqin qochqin ro’yxatga olingan. Registratsiya qilinmaganlar esa 30-35 ming atrofida ekanita'kidlanadi. Qochqinlarga butun respublikadan oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak olib kelinyapti.

Mahalliy nodavlat tashkilotlar, BMT organlari, Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi va boshqa gumanitar muassasalar muntazam ravishda ko’mak yetkazyapti.

Qochqinlar sharoitdan shikoyat yo’q deydi, lekin hammaning fikru-xayoli vatanda. Ular u yerda qolgan yaqinlariga yordam yetib bormayotganidan kuyinib gapirishadi.

“Hech narsa kelmayapti bizga deyishayapti. Hammayoq qamal qilingan deyishayapti. Faqat Novqatdan o’zbeklar kamazda un olib kelishayapti ekan. Biradir, O’nadir, To’qqizadir tumanlari va Kalinin kolxozida bu narsa bo’layapti”, - deyishadi ular.

Muvaqqat hukumat O’sh va Jalolobod bir qadar tinchlangan deya da’vo qilsada, qochqinlar o’zbeklarga qarshi zo'ravonliklarning yangi to’lqini boshlanadi deya qo’rqinchda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG