Angolada masjidlar buzilmoqda

  • Amerika Ovozi

Angoladagi musulmon yetakchilarining aytishicha, mamlakat rahbariyati o’tgan bir necha oy ichida ko’plab masjidlarni hech qanday tushuntirishsiz yopgan yoki buzib tashlagan.

Mahalliy gazetalardan biriga bergan intervyusida Angola islom jamiyati prezidenti Deyvid Albertoning ta’kidlashicha, poytaxt Luanda atrofida jami 60 ta masjid faoliyati to’xtatilgan.

Jamiyat vitse-prezidenti “Amerika ovozi” bilan suhbatda bu ishlarni “dinning tazyiq ostiga olinishi” deya atadi. Unga ko’ra, mamlakatdagi barcha masjidlar yopilgan taqdirda ham, musulmonlar ibodat qilishni to’xtatmaydi.

Angola milliy politsiyasi so’zlovchisi Kristofanes dos Santos bu gaplarni inkor etdi. Uning aytishicha, masjidlarni yopish yoki buzish haqida hukumat biror qaror chiqargani yo’q. Davlat musulmonlarni ta’qib qilyapti degan ayblovlar asossiz, deydi u.

Ammo yaqinda “Amerika ovozi” ixtiyoriga kelib tushgan bir hukumat hujattida yozilishicha, poytaxt sharqidagi Viana Luanda provinsiyasidagi “Zango 1” deb atalgan masjidni buzishga buyruq berilgan. Qog’ozda ruxsatsiz qurilgani uchun masjidni buzib tashlashga ko'rsatma berilgan.

Saurimo shahrida bir masjidning buzilayotgani videotasvirlarda ham aks etgan.

Angolaning 18 millionlik aholisi orasida musulmonlar ozchilikni tashkil etadi. Angolaliklarning aksariyati nasoro yoki mahalliy dinlarga ergashadi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, Angola hukumati islom dinini rasman taqiqlagan. Matbuot xabarlarida yozilishicha, Afrikada avj olayotgan terror xavflarini oldindan bartaraf etish uchun Angola hukumati islom dinini taqiqlab, masjidlarni buzishga qaror qilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG