Olimlar Antarktika muzi ostida hayot borligini aniqladi

  • Amerika Ovozi

Janubiy qutbda yoz tugashi bilan Antarktikada tadqiqotlar ham yakunlanadi. Shimoliy Illinoys universiteti olimlari so’nggi uch oyni dunyodagi eng katta suzuvchi muz ustida o’tkazdi.

Antarktika - sayyoramizdagi eng quruq, sovuq va izg’irin shamol esadigan joy. Shimoliy Illinoys universiteti professorlari Rid Sherer va Ross Pauel AQSh Ilmiy jamg’armasi homiyligida amalga oshirilgan ikkinchi ekspeditsiyani yakunladi. Birinchi safarida ular muzosti ko’lni o’rgangan edi. Bu gal muz, yer va dengiz ulashgan nuqtada izlanish olib bordi.

“Muz qoplamasining hajmi vaqt o’tgan sari qanchalik o’zgarganini aniqlashga harakat qildik, undagi hozirgi jarayonlarni kuzatdik,” - deydi Sherer.

“Xulosamiz shu bo’ldiki, bu hudud nihoyatda nozik va o’zgaruvchan. Muzlik doim harakatda, okean va atmosferadagi o’zgarishlar ta’sirida juda tez eriy boshlashi mumkin,” - qo'shimcha qiladi Pauel.

Ekspeditsiya uchun qurilgan maxsus asboblardan biri - kuchli issiq suv dreli. 740 metr qalinlikdagi muz burg’ilanib, ostidan suv va tuproq namunasi olindi. Dengiz tubidagi 400 kvadrat metrga teng g’orga uzoqdan boshqariladigan kamera tushirildi. Tasvirlarni Boshqaruv markazidan kuzatgan Rid Sherer muz ostida rang-barang ekotizim mavjudligini ko’rib, hayron qolganini aytadi.

“Bu doim o’zgarib turadigan muhit. Dengiz tubi abadiy o’zgarishda. Mobil organizmlarni ko’rdik, suvda suzadigan va o’rmalaydigan jonzotlar. Ular yetarli yem va oziqaga ega, shuning uchun ham u yerda hayot bor. Tez suzuvchi, nihoyatda faol qisqichbaqasimon jonivorlarni ham ko’rdik,” - hikoya qiladi olim.

Demak, qutbning eng janubiy qismida ham baliqlar bor ekan. Ekspeditsiya rahbari Ross Pauelning aytishicha, muz va cho’kindi jinslar u yerga jonivorlar qayerdan borib qolgani va nima bilan oziqlanishini tushunishda yordam beradi.

“Hozirda Antarktikada muzliklar eriyotganini bilamiz. Biz muz ostidan qazib olgan nusxalar laboratoriyada o’rganilyapti. Tarkibini analiz qilib, tarixga nazar tashlaymiz. Muzliklar o’tmishda qanday bo’lgan va hozir qanday. Muz erigan yerlarni o’rganib, hozirchaga yuz bergan jarayonlarni tushunib olamiz,” - deydi Pauel.

Ekspeditsiya natijasida yangidan-yangi savollar tug’ildi. Pauell boshqa olimlar bilan yana bir grant olib, muzlar qit’asiga qaytish va izlanishni davom ettirish niyatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG