Din

Yahudiylar: AQShda anti-semitizm kuchayishiga yo'l qo'yilmaydi

  • Amerika Ovozi

Filadelfiya shahridagi yahudiy mozorida yuzlab qabr toshlar buzib ketilgan, fevral, 2017

Bu yil boshidan beri Amerika bo’ylab bir necha yahudiy ibodatxonaga hujum qilingan. Diskriminatsiyaga qarshi liga hisobicha 170 dan ziyod tahdidlar qilingan.

Filadelfiyada yahudiylar qabristoniga tunda kirib, qabr toshlariga nafratomuz so’zlar yozib ketilgan. Ayrim yodgorliklar vayron qilingan. Maqsad – bu din vakillarini qo’rqitish, deydi politsiya va faollar.

"20 yildan beri bunday holatni ko’rmagan edik”, - deydi Naomi Adler, mahalliy arbob.

O’nlab sinagogalarda “bomba portlatamiz” deya yozib ketishgan. Ibodatxonalar vaqtincha eshigini yopgan. Tekshiruvlar boshlangan. Mamlakatning turli burchaklarida mana shunday vahima hukmron.

Yahudiylarga qarshi bunday harakatlar ortida kim turgani mavhum.

Prezident Donald Tramp fikricha bu vaqtinchalik muammo. O’tib ketadi, deydi u.

“Bu holatlar, ya’ni yahudiylarga nisbatan tahdid va buzg’unchilik, jumladan qabristonlarga hujum siyosiy norozilikdan darak beradi. Biz nafrat va yomonlikni qoralaymiz va odamlar nimadan g’azabda ekaniga e’tibor qaratamiz”, - deydi Tramp.

Tergov ishlari davom etarkan, yahudiy tashkilotlar anti-semitizm yanada kuchayishi mumkin deya xavotirda. Nafratga qarshi kurashish lozim.

“Jinoyatlar bir-biriga qanchalik bog’liq yoki yo’q, aholi qo’rqinchda yashay olmaydi”.

"Nafratni zo’ravonlik orqali bildirishga yo’q deymiz”.

Diskriminatsiyaga qarshi liga vakili Doron Ezikson deydiki, yahudiy faollar huquq-tartibot organlari bilan yaqindan ishlamoqda. Birinchidan, izchil tekshirish, o’rganish lozim, shunga asosan targ’ibotga zo’r berish zarur.

“Aksariyat amerikaliklar bag’rikeng va yahudiy yoki boshqalarga nisbatan nafrat bilan yashamaydi. Vatandoshlarimiz tinchliksevar va tolerant. Shunday ekan, har qanday nafrat urug’ini sochishga urinayotgan tomonlarga qarshi birgamiz”, - deydi Ezikson.

Diniy nafratni bartaraf etish uchun barcha dinlar hamkorlikda chora ko’rishi kerak, deydi Truman Bruks, shu maqsadda tashabbus boshlagan nasroniy yetakchi.

“Yurtimizda har qanday nafratga qarshi birga va tinimsiz kurashishimiz lozim. Nafrat ildiz otishi va avj olishiga aslo yo’l qo’ymaymiz”,- deydi Bruks.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG