AQSh taraqqiyoti Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan uzviy bog’liq

  • Amerika Ovozi

Obama APEK summitida

Obama APEK summitida

AQShning Gavayi shtatida Osiyo va Tinch okeani hududidagi davlatlar iqtisodiy hamkorlik kengashining summiti yakunlandi. Rahbarlar mintaqaviy savdoni kengaytirishga kelishib olgan.

Global savdoda qariyb 40 foiz ulushga ega Osiyo va Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, APEK ga a’zo davlatlar savdo-sotiqni rivojlantirish uchun yangi siyosat ishlab chiqishga, ekologik toza mahsulot va xizmatlar savdosiga to’siq bo’lmish tariflarni kamaytirish va, hatto, butunlay yo’q qilishga rozi bo’lgan.

Sammit mezboni, AQSh rahbari Barak Obama anjuman yakunida bergan bayonotida AQSh taraqqiyoti Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bilan uzviy bog’liq ekanini aytdi.

Jahon bo’ylab xaridorlarning 95 foizi Amerika tashqarisida yashaydi.

"Men ularning aynan AQSh mahsulotlarini ko’proq sotib olishini xohlar edim. Shuning uchun ham ish o’rinlarini yaratib, mahsulotlarimiz uchun bozorlarni kengaytirishga harakat qilyapman", - deydi Obama.

Amerika rahbari APEK ning asosiy vazifasi misli ko’rilmagan mintaqaviy iqtisodiy kuchga aylanish ekanini eslatib, Qo’shma Shtatlar agressiv raqobat yo’lini izlashi kerak, deydi.

"Jahondagi eng yirik va tez o’sib borayotgan mintaqaviy iqtisodiy kuch hisoblangan ushbu tashkilot doirasida faol harakat qilmasak, Amerika kompaniyalari imkoniyatni qo’ldan boy beradi, o’zimida yangi ish o’rinlarini yarata aolmaymiz", - deydi Obama.

Qo’shma Shtatlar va APEK ga a’zo yana sakkiz davlat Tinch okeani orti hamkorlik guruhini tuzib, erkin savdo zonasini tashkil etmoqchi, biroq Xitoy qarshiligi bois tashabbus kelasi yilga qoldirildi.

Barak Obama Xitoyni savdo sheriklar manfaatini inkor etayotganlikda ayblab, Xitoy milliy puli kursi talab va taklifga qarab belgilanishi zarurligini ta’kidlagan. AQSh nazarida Xitoy xalqaro tijoratda proteksionist siyosat yuritmoqda.

Rasmiy Pekin regional erkin zona tashkil etish tashabbusini sinchkovlik bilan o’rganayotganini bildirmoqda. Bu davlat Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, zona faoliyatiga doir qoidalarni yaratishda Xitoy ham ishtirok etsa, rasmiy Pekin ularga amal qiladi.

Osiyo va Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik tashkilotining yillik anjumanidan so’ng prezident Obama oldin Avstraliya, keyin esa Sharqiy Osiyo sammitida ishtirok etish uchun Indoneziyaga yo’l oladi.

Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari uyushmasi Bosh kotibi Surin Pitsuvanning aytishicha, Bali anjumanida regional xavfsizlikka doir mavzular muhokamada bo’ladi.

ASEAN anjumanida mintaqaviy barqarorlikni ta’minlovchi omillar – xavfsizlik va a’zo davlatlar strategik manfaatlari ko’rib chiqiladi, deydi rasmiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG