"Apple" - garajda boshlangan loyiha bugun global biznes

  • Amerika Ovozi

40 yil avval ikki do’st garajda asos solgan “Apple” kompaniyasi bugun dunyodagi eng muvaffaqiyatli bizneslardan biridir. Aypod, aypad va ayfonlari bilan tanilgan bu korporatsiya Amerikada kapital hajmi bo’yicha birinchi-ikkinchi o’rinlarda turadi.

Injener Bob Lesh o'z kompyuterini 1970-yillarda uyida yig’gan. U paytlarda kompyuter faqat yirik universitet va korporatsiyalarda bo’lardi, deydi u.

“Agar shaxsan o’zimda bo’lsin desangiz, yasashdan boshqa chora bo’lmagan”, - deydi u.

Shu tariqa 1975-yilda elektronika ishqibozlari “Homebrew” kompyuter klubiga asos soladi. Uning a’zolari orasida “Apple” asoschilaridan biri Stiv Vozniak ham bor edi. Stiv bir kuni to’garakka ilk “Apple” kompyuterini ko’tarib keladi - boshqalarnikidan ancha kichikroq.

“Ajoyib qurilma edi. Elektron komponentlari bitta platada joylashtirilgan. Klaviaturani ulasangiz bo’ldi, ishga tayyor”, - deydi Lesh.

Oddiy. Bejirim. Funksional. “Apple” mahsulotlarini bugun shunday ta’riflashadi. Kompaniya shaxsiy kompyuterlar yoki MP3 pleyerlarini kashf etgani yo’q, deydi kompyuterlar tarixi muzeyidan Deg Spayser.

“Kashfiyot nima o’zi? Yangi bir narsa yaratish shartmi yoki bor narsani olib, qayta loyihalab, ko’rkam qilsa bo’ladimi?”

Ko’rkam va oson bo’lsin, der edi Stiv Jobs. 1984-yilda “Macintosh” paydo bo’ldi.

“Katta hajmdagi qo’rqinchli kompyuter emas, qarang. Hatto kompyuterga o’xshamaydi. Foydalanuvchi darrov ko’niksin, ko’zi o’rgansin, deb ataylab shunday dizayn qilishgan”, - deydi Spayser.

Sichqonli “Macintosh” lar tezda ommaviylashib ketdi.

Bryus Deymer kompyuterlar tarixiga bag’ishlangan muzey ochgan. “Macintosh”dan oldin kompyuterda ishlash uchun maxsus tilni bilish talab qilinardi, deydi u.

“Macintosh” bir inqilob edi. Ekranda rasmlarni qo’yish, ikonkalar yaratish, dokumentlarni sudrash va joyidan ko’chirish, chizish imkoni paydo bo’ldi”, - deydi Deymer.

Kompyuterlarga nisbatan munosabat tubdan o’zgardi.

“Kompyuter qandaydir jonsiz mashina emas, odamlarning do’sti bo’lib qoldi”, - deya qo'shadi u.

Aynan o’rganish va foydalanish osonligi sabab bu texnologiya bugun har bir xonadonda bor.

Kaliforniya shtatidagi oddiy bir garajda Stiv Jobs va Stiv Vozniak “Apple-1” kompyuterlarining 50 tasini yig’gan.

Hozir bu mahalla doimo sayyohlar bilan gavjum. Har bir odamning qo’lida iPhone. “Apple” kompaniyasi tug’ilgan joyda bo’lganini ular shu telefonda tasvirga tushiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG