"Apple" kompaniyasining da'vosi Kongressda ko'rildi

  • Amerika Ovozi

Kongressda "Apple" texnologiya kompaniyasi va Federal Qidiruv Byurosi o'rtasidagi bahsga doir tinglov bo'lib o'tdi.

"Apple" Kaliforniyada 14 odamning umriga zomin bo'lgan terrorchiga tegishli telefon kodini ochib berish haqidagi talabga bo'ysunmayapti. Kompaniya da'vosiga ko'ra, agar bunga yo'l qo'yilsa, hukumat boshqa telefonlarga ham buzib kirish imkoniyatiga ega bo'ladi. Bu esa fuqarolarning shaxsiy daxlsizlik huquqini poymol qiladi.

Kongressdagi tinglov aloqa vositalarini yanada xavfsizroq qilish imkoniyatlari oshib borayotgan bir paytda bo'lib o'tmoqda. "Apple" va boshqa kompaniyalar o'z mijozlariga tegishli ma'lumotlarni kuchliroq shifrlash bilan band. Bu esa huquq-tartibot organlari uchun jinoyatchilarni kuzatish ishini qiyinlashtiradi.

"San-Bernardino ishi mavzuning kengroq ekanini ko'rsatgandek. Bu haqda boshqa sudlar ham o'z qarashini bildiradi. Ammo biz hozir faqat bir ishga e'tibor qaratganmiz. Bu ishga aloqador boshqa kimlar bor, biz bilmagan yana nimalar bor, shuni aniqlamoqchimiz", - deydi Federal Qidiruv Byurosi rahbari Jeyms Komi.

"Apple" da'vosiga ko'ra, hukumatga yo'l ochib berilsa, barcha telefonlar xavfsizligi zaiflashadi.

"Bizdan so'rashayotgan narsani barcha telefonlarga nisbatan ishlatish mumkin. Bu juda keng oqibatlarga ega. Bu faqat bir telefonga taalluqli va uni bilgan odam boshqa telefonlarni ocha olmaydi, degan qarash noto'g'ri", - deydi kompaniya vakili Bryus Sevel.

Kiber xavfsizlik bo'yicha mutaxassis Mark Rotenberg "Apple" bilan hamfikr.

"Bu tamoyil buziladigan bo'lsa, AQSh hukumati uchun boshqa davlatlarning mustabid siyosati haqida gapirish qiyin bo'ladi. Bilasiz, Xitoy va Rossiya kabi davlatlar kompaniyalardan shuni xohlaydi: jinoiy faoliyatni aniqlashimiz uchun xizmatlaringizni bizga ochib bering, deyishadi", - deydi tahlilchi.

Qonunchilar uchun xavfsizlik ham, daxlsizlik huquqi ham birdek muhim.

"Kompaniyalar o'z xizmat va qurilmalarida mijozlarning daxlsizlik va biznes huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini oshirib bormoqda. Buni biz yuzlashib turgan muammolar bilan qanday muvozanatlaymiz, asosiy savol shunda", - deydi kongressmen Jerri Nedler.

Kongress yangi qonun loyihasi ustida bosh qotirar ekan, "Apple" va hukumat o'rtasidagi sud ishi davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG