Amerika hayotidan: Kasb-hunarli odamlarni ko'paytirish kerak

  • Amerika Ovozi

Oliy ma'lumotli bo'lmasangiz, umringiz past maoshli og’ir ishlarda o'tadi degan gapni har holda ko'p eshitgansiz. Jamiyat borki, shunday tushuncha keng tarqalgan. Amerikada ham... Haqiqatan shundaymi?

Oq uy o'tgan yili mamlakatda kasb-hunar o’rgatuvchi maskanlarni ko'paytirish uchun 175 million dollar ajratgan. Biz bu dargohlardan birida bo'ldik.

Merilend shtatidamiz… Bo’lg’usi elektriklar simlarni tozalab, bukib, devorga vklyuchatel o’rnatishni o’rganmoqda. Bu hunar bilan ishga joylashaman, deydi Denis Long.

“Bu yerda o’rgatishayotgan bilimlarni o’zlashtirgan, o’z ustida ishlagan odam tanlagan sohasida muvaffaqiyat qozonadi, ishini yo’qotmaydi”, - deydi u.

Elektr sohasi ischilarining kasaba uyushmasi besh yillik bepul amaliyot taklif qiladi. Programmada qatnashadigan talabalar ham kasb o’rganadi, ham ishlab oylik oladi. Haftasiga bir kun ular sinfxonada bilimini charxlaydi, qolgan to’rt kun esa ishda.

Bu sohaga endi kirayotgan praktikantlar soatiga 20 dollar haq oladi. Imtiyozlar ham bor.

Programma rahbari muovini Kevin Bertonning aytishicha, har yili 200 ga yaqin bitiruvchi ishchilar safiga qo’shilyapti. Ular tibbiy sug’urta va pensiya bilan ta’minlanadi.

“Kollejni bitirish - ishli bo’ldim degani emas. Muayyan bir mutaxassislik bo’yicha o’qib, boshqa sohada ish qidirayotgan odamlar ham talay. Bizning dastur orqali orttirilgan malaka bilan esa siz mamlakatning istagan burchagida ish topasiz”, - deydi Berton.

Kadrlarni tayyorlash dasturlarini kengaytirish rejasi Prezident Obamaning tashabbusi bo’lib, u 2010-yilda bu markazda mehmon bo’lgan.

Hukumat o’tgan yili shu maqsadda qariyb 200 million dollar ajratdi. Oliy ta’lim qimmatlashib borayotgan bir paytda, qarzga botmasdan ishli bo’lishni istaydiganlar ko’p.

26 yoshli Pol Amansio - sobiq harbiy. AQSh Havo kuchlarida yetti yil xizmat qilgan. O’zi kabi ish izlab yurgan faxriylarga shunday maslahat beradi:

“O’zingiz tanlagan sohada kurslarga qatnab, malaka oshirmasangiz qiyin bo’ladi. Butun e’tiborni shunga qarating, treninglardan o’ting”.

Bilimli va kasb-hunarli odamga o’rta sinf eshiklari ochiq. 34 ming talabani o’qitish va treningdan o’tkazish uchun grantlar ham xususiy, ham davlat korxonalari orasida taqsimlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG