Amerika Afrikaning musulmon davlatlariga biznes sirlarini o'rgatadi

  • Amerika Ovozi

G'oliblar Amerika universitetlariga tashrif buyurib, bilim olish imkoniga ega bo'ladi.

G'oliblar Amerika universitetlariga tashrif buyurib, bilim olish imkoniga ega bo'ladi.

AQSh hukumati musulmon o’lkalarda novatorlik va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlar ekan, Afrikada, Sahroi Kabirdan janubdagi davlatlarda ham ilk mashq lagerlari tashkil etmoqda.

Lager Senegal poytaxti Dakarda joylashib, ishtirokchilar saralanmoqda. Yangi biznes g'oyalar uchun bepul maslahat va moliyaviy yordam olish imkoniyati bu.

Iyulda bo’ladigan tadbirda bo’lajak tadbirkorlar uchun seminarlar, yo’l-yo’riq ko’rsatish dasturlari hamda sarmoyadorlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Shuningdek, ishtirokchilar o’rtasida eng yaxshi g’oya uchun musobaqa ham o’tadi.
“Tadbir va tanlovlar orqali ko'zga tushayotgan tadbirkorlarni bunyodkor deb ataymiz...

Dasturda, asosan, energetika, sog’liqni saqlash, qishloq xo’jaligi hamda axborot va aloqa texnologiyalari sohalarida biznes qilish istagida bo’lgan tadbirkorlar qatnashadi. Senegal va g’arbiy Afrikaning boshqa o’lkalaridan jami 100 kishi kelmoqchi.

Bunday yig’inlar shu yili shimoliy Afrika, Turkiya va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida o’tkazilgan edi. Senegaldagi lager Afrika janubida birinchisi.

Dastur boshqaruvchisi Ovidu Bujorenning aytishicha, trening lageri har doimgidan ko’ra ko’proq va kengroq soha vakillarini qamrab oladi. Tadbirkor bo’lishni istovchi, ammo bunga hali qo’l urmagan insonlar ana shunday yangi ishtirokchilardan, deydi u.

“Sahroi Kabirdan janubdagi davlatlarda tadbirkorlik qilish uchun juda yaxshi imkoniyatlar bor. Biz tajriba, kerakli jihozlar va bilim borasidagi resurslarimizni eng qiziquvchan va qo’lidan ish keladigan tadbirkorlarga bermoqchimiz. Muvaffaqiyatga erishish salohiyati baland bo’lgan ishtirokchilarni topish muhim”, - deydi u.

Tanlov g’oliblari bilim olish, soha vakillari bilan aloqa o’rnatish hamda moliyaviy yordam topish imkoniyatlarini o’rganish uchun AQSh universitetlariga tashrif buyuradi.

Bu g’oya prezident Barak Obamaning 2009-yil Misrda qilgan nutqidan so’ng paydo bo'lgan edi. O’shanda prezident ta’lim va yangilik yaratishni XXI-asrning valyutasi deya atadi.

Ilm-fan va texnologiya orqali xalqaro miqyosda novatorlikni targ’ib qilish loyihasini AQSh Davlat departamenti moliyalaydi.

Bujoren loyiha ishtirokchilarini bunyodkorlar deb ataydi.

“Tadbirlarimiz va tanlovlar orqali oldinga chiqayotgan tadbirkorlarni bunyodkorlar deb ataymiz. Chunki texnologiya va biznes loyihalari bilan ular o’z jamoalariga katta ta’sir ko’rsatish salohiyatiga ega. Ular o’z mamlakati va oilasi uchun farovonlik olib kelishi mumkin”, - deydi Bujoren.

Bunday loyihalar dunyoning boshqa hududlarida ham davom etmoqda. Livanlik bir muhandis yuragi xasta bemorlarni shifoxonadan tashqarida nazorat qilish imkonini beruvchi moslama yaratib, tanlov g’olibi bo’ldi. Shimoliy Afrikadagi boshqa ishtirokchilar o’z biznes loyihalari uchun 500 ming dollardan ziyod yordam yig’ishga muvaffaq bo’ldi.

Tashkilotchilar Dakar tadbiri qo'shni o’lkalar, jumladan, Nigeriya va sharqiy Afrikada ham davom etishiga umid qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG