Arab Ligasi Isroilni yahudiy davlati sifatida tan olishdan bosh tortdi

  • Amerika Ovozi

Quvaytda o'tgan arab davlatlari sammitining yopilish marosimidan, 26-mart, 2014-yil.

Quvaytda o'tgan arab davlatlari sammitining yopilish marosimidan, 26-mart, 2014-yil.

Quvaytda o’tgan Arab Ligasi sammitida ishtirokchilar Isroilni davlat sifatida tan olmaslik siyosatini davom ettirishga kelishib oldi. Arab davlatining 25-yig’ini 26-mart kuni o’z nihoyasiga yetdi.

Bu yilgi anjumanda Liga a’zolari o’rtasida farqli qarashlar ham ko’zga tashlandi. Ammo Isroil-Falastin mojarosi bo’yicha tomonlar, odatdagidek, yakdil.

Quvayt Tashqi ishlar vazirligi kotibi Xolid al-Jaralla tomonidan o’qilgan sammit xulosasida Falastin masalasi arab dunyosi diqqat markazidagi eng muhim masala bo’lib qolishi ta’kidlandi.

Sammit bir ovozdan Falastin hududida yahudiy posyolkalari qurilishining kengayayotganini tanqid qildi. Yig’in a’zolariga ko’ra, Isroil bu qurilishlar orqali Quddusdagi muqaddas islomiy obidalarni oyog'osti qilmoqda.

“Yaqin Sharqda ixtiloflarning davom etayotganiga va tinchlik muloqotida siljish kuzatilmayotganiga to’liq Isroilni aybdor deb bilamiz, - deyiladi Arab Ligasi qabul qilgan deklaratsiyada. – Biz mutlaqo va bir ovozdan Isroilni yahudiy davati sifatida tan olishdan bosh tortamiz”.

Ushbu bayonot Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu tomonidan tinchlik sharti sifatida Falastindan Isroilni yahudiy davlati deb tan olishni talab qilayotganiga javob tariqasida yangradi.

Arab yetakchilari, shuningdek, Suriya xalqi bilan hamdard ekanini ma’lum qilib, prezident Bashar al-Assadni harbiy harakatlarni to’xtatishga chaqirdi.

Sammitda qatnashgan Suriya muxolifati yetakchisi Ahmad al-Jabra xalqaro hamjamiyatdan Assad rejimiga qarshi kurashda muxolifatni yanada yaxshiroq qurollantirishga chaqirishiga qaramay, arab davlatlari muammoga tinch yo’l bilan yechim topish tarafdori ekanliklarini bildirdi.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilari terrorizmga qarshi kurashda hamda mintaqa bo’ylab iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishda o’zaro hamkorlikni oshirish bo’yicha kelishib oldilar.

Arab Ligasining navbatdagi sammitiga 2015-yil Misr mezbonlik qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG