Mazhabchilik, ekstremizm arab jamiyatlarini yemiryapti

  • Amerika Ovozi

Arab Ligasi hukumatlarni “Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi kurashga chorlamoqda. Tashkilotning Qohirada yillik majlisi bo’lib o’tdi.

Arab Ligasiga a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida Yaqin Sharqdagi urush-mojarolar muhokama qilindi.

Tashkilot Bosh kotibi Nabil al-Arabiy so’zlariga ko’ra, bugun arab dunyosi yuzlashayotgan muammolar bisyor va davlatchilikka tahdid solmoqda.

Al-Arabiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, inqiloblar, ekstremistik mafkurani bayroq qilgan qurolli to’dalar faoliyatini tilga oldi.

Xususan, “Islomiy davlat” terror guruhi nafaqat Iroq hukumatini, balki bu jamiyatni butunlay parchalab yuborishi mumkin, deydi liga rahbari. Uning fikricha, bu guruhga qarshi kurash strategiyasi keng qamrovli bo’lishi, siyosiy-iqtisodiy, qolaversa, falsafiy va madaniy choralarni ham o’z ichiga olmog’i lozim.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri al-Arabiy bilan mavzu yuzasidan maslahatlashib olgan. Ma’lumki, Iroqda katta hududlarni bosib olgan jihodchilarga qarshi xalqaro koalitsiya tuzilyapti. Arab Ligasi ham bu koalitsiyaga qo’shilishi, “Islomiy davlat”ni moliyadan ayirish va yangi a’zolar yollashini bartaraf etishda ko’maklashishi kutilmoqda.

Qohiradagi yig’inda Suriya muxolifati a’zolari ham qatnashdi. Ulardan biri Xadi al-Bahra jangchilar ikki o’t orasida qolganini aytadi.

“Ozod Suriya armiyasi ham Bashar al-Assadning repressiv tuzumi, ham “Islomiy davlat” dek yovuz kuch bilan olishyapti”, - deydi u.

Marokash Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Mezuar esa o’z nutqida arab dunyosi terrorizm va mazhabchilik botqog’iga botganini ta’kidladi.

Bugungi terror tizimlari, deydi u, tashkiliy va moliyaviy jihatdan ishiga puxta. O’z safini kengaytirishda ham effektiv usullarni qo’llayapti. Shu bilan bir qatorda, mazhabchilik va diniy shovinizm jamiyatlar asosini yemirmoqda, deydi Mezuar.

Misrlik siyosatshunos Said Sodiq ta’biricha, NATO va Qo’shma Shtatlar yana koalitsiya tuzishga kirishgani Saddam Husayn va Tolibonga qarshi kampaniyani eslatadi.

“Terrorizmga qarshi kurash haliyam davom etayotgan bo’lsa, demak 2001-yildan keyingi siyosat, ya’ni terrorizmga qarshi kurash samara bermagan”, - deydi u.

Arab Ligasiga a’zo davlatlar terror guruhlariga qarshi kurashga har tomonlama hissa qo’shishga, regional va xalqaro sa’y-harakatlarni qo’llab-quvvatlashga kelishib oldi. Suriya va Iroqdagi ekstremistlarga harbiy va moliyaviy ko’makni uzish to’g’risidagi BMT rezolyutsiyasi ham tasdiqlandi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG