Breaking News

Arab Ligasi kuzatuvchilari Suriyaning notinch shaharlarida


Arab Ligasi kuzatuvchilari Suriyaning notinch shaharlarida
Arab Ligasi kuzatuvchilari Suriyaning notinch shaharlarida

Suriyaga safar qilayotgan Arab Ligasi kuzatuvchilari bugun notinch Hims shahriga borgan.

Maqsad hukumatning namoyishlarni bostirmaslik, qurol, askar va tanklarni shaharlardan olib chiqish va’dasi ijrosini tekshirish.

Faollarning aytishicha, oxirgi kunlarda hukumat Himsni ayovsiz o’qqa tutib, kechaning o’zida 30 kishini o’ldirgan.

Internetdagi YouTube sahifasida qonga botgan jasadlarni, ko’chalarni izg’iyotgan tanklarni ko’rish mumkin.

Qo’shni Hama shahri ham nishonga olinib, uch kishi o’lgan, deydi faollar. Turkiya bilan chegarada kecha armiyadan qochgan to’rt askar o’ldirilgan, deydi ular.

Bularni mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas, chunki hukumat xorijiy jurnalistlarni kiritmay qo’ygan.

Arab Ligasi delegatsiyasi tashrifi oldidan ayrim tanklar olib chiqila boshlangani aytiladi.

Londonda asoslangan Suriya inson huquqlari guruhining bildirishicha, bugun Himsda qariyb 70 ming odam yig’ilgan. Politsiya ularni ko’zni yoshlantiruvchi gaz bilan tarqatgan.

Davlat televideniyesi xabariga ko’ra, kuzatuvchilar bugun shahar hokimi bilan ko’rishgan.

Sakkiz arab davlatidan tanlab olingan vakillar bugun yana bir necha viloyat va tumanda, jumladan, Idlib, Hama va Daraada to’xtaydi. Dushanba kuni kelgan guruh tarkibida 60 kishi bor.

Kuzatuvchilardan biri Muhammad Salim:

“Arab Ligasi vazifasi Suriya rahbariyati va xalqini tanazzuldan xalos etishga ko’maklashish. Tomonlarni xolis baholab, qonunbuzarlikni xatlab boramiz”, - deydi Salim.

Faollar va muxolif Suriya Milliy kengashi nazarida hukumat va Arab Ligasi olg’a surayotgan mazkur reja safsata. Ayrimlar ligani mamlakatdagi qirg’inga ko’z yumganlikda ayblab, tanqid qiladi.

Muxolifat yetakchisi Burhon G’aliun xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, zo’ravonlikni tugatishga chaqirmoqda.

“Arab dunyosini bu qatliomni bas qilishga undaymiz. BMT Xavfsizlik Kengashi, Yevropani chora ko’rishga da’vat etamiz”, - deydi G’aliun.

Suriya xalqaro bosim va sanksiyalar tahdidi ostida Arab Ligasiga eshiklarini ochib berdi. Talab shuki, kuzatuvchilarga erkin harakat qilish huquqi berilsin, lekin urush zonalari bundan istisno.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga qaraganda, mart oyidan beri mamlakatda namoyishlarda besh mingdan ziyod odam o’lgan. Hukumat “terrorchilar bilan olishayapmiz” deya javob qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG