Breaking News

Arab Ligasi sammitida Suriya asosiy mavzu


Quvaytda boshlangan Arab Ligasining 25-sammitida Yaqin Sharqdagi tinchlik muzokaralari hamda Suriyadagi urush asosiy mavzular bo'ldi.

Ikki kunlik yig’in davomida tashkilot a’zolari o’rtasidagi ziddiyatlar ham ko’zga tashlandi. Ammo ular Isroilning Falastinga nisbatan tazyiqini hamda Suriyadagi qonli mojaroni qoralashda yakdil fikrga ega bo’lishdi.

Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad al-Taniy Isroilni arablar yurtini butunlay bo’shatib qo’yishga chaqirdi.

Liga Bosh kotibi Nabil al-Arabiy AQShning mintaqada tinchlik o’rnatish yo’lida olib borayotgan sa’y-harakatlarini olqishlash bilan birga, Falastinda yahudiy posyolkalari qurilishining kengayayotganini keskin tanqid qildi.

Agar Isroil Falastin hududiga daxl qilishni to’xtatmasa, muammoga yechim topishning noan’anaviy usullarini qo’llashga majbur bo’lamiz, dedi u. Al-Arabiy noan’anaviy usullarning aynan nimalardan iborat bo’lishi haqida ma’lumot bermadi.

Suriya masalasini tilga olgan Quvayt amiri Shayx Sabah al-Ahmad al-Jobir al-Sabah BMT Xavfsizlik kengashi masalaga yetarli e'tibor bermayotganini aytdi. Suriya mojarosi hozir butun dunyo xavfsizligiga tahdid solmoqda, dedi u.

Bu yilgi arablar sammitida Suriya ishtirok etmadi. Ammo Suriya inqilobchi va muxolifat kuchlari milliy koalitsiyasi prezidenti Ahmad al-Jarba yig’inga taklif etildi.

Al-Jarba o’z navbatida Arab davlatlarini Suriya muammosini yechishda sustkashlik qilayotganlikda aybladi. Uning aytishicha, arab o’lkalaridagi Suriya elchixonalari muxolifat koalitsiyasiga topshirilishi kerak.

Suriya muxolifati a’zolari bundan avval Doxada bo’lib o’tgan Arab ligasi sammitida qatnashgan edi. Suriya nomidan ularning bu yig’inda yana qayta ishtirok etishlari uchun bir qator huquqiy majburiyatlar bajarilishi kerak.

So’nggi paytlarda Qatar hamda uning qo’shnilari Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Baxrayn o’rtasiga tushgan sovuqlik sammitda muhokama etilmadi. Uch arab davlati shu oy boshida Qatar Musulmon birodarlar guruhini qo’llab-quvvatlagani uchun elchilarini Doxadan chaqirib olgan edi.

Quvayt rasmiylarining aytishicha, mamlakatlar orasidagi o’zaro kelishmovchiliklar va boshqa masalalar sammitdan tashqarida muhokama etiladi. Sammit 26-mart kuni o’z ishini yakunlaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG