Arab dunyosida namoyishlar tinmayapti

  • Amerika Ovozi

Yaman janubidagi Taiz shahrida namoyishlar

Yaman janubidagi Taiz shahrida namoyishlar

Bugun Qatar poytaxti Doxada Liviya bo'yicha muloqot guruhi uchrashib, muxolifatga moliyaviy, siyosiy va gumanitar yordam berishga kelishib olgan.

YAMAN

Prezident Ali Abdulla Solihga qarshi namoyishlar tinmayotgan Yamanning ikki shahrida xavfsizlik kuchlari va muxolifat to'qnashgan. Poytaxt Sanoda prezidentga sodiq kuchlar isyonchilar tomoniga o'tgan general Ali Muhsin qismlari bilan o'q almashib, ikki kishi o'lgan.

Janubdagi Adan shahrida esa xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni o'qqa tutib, birini o'ldirgan, bir necha odam jarohat olgan. Chiqishlar ikki oy burun boshlangan bo'lsa, to'qnashuvlarda shu kungacha 100 dan ziyod odam o'lgan.

LIVIYA

Bugun Qatar poytaxti Doxada Liviya bo'yicha muloqot guruhi uchrashib, muxolifatga moliyaviy, siyosiy va gumanitar yordam berishga kelishib olgan. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeygning aytishicha, xalqaro hamjamiyatning Liviyada tinch aholini himoya qilishga qaratilgan harakatlari zarur, qonuniy va to'g'ridir.

Xeyg nazarida Muammar Qaddafiy rejimiga bosim o'tkazishda, mojaroga barham berishda va demokratiya uchun harakat qilayotgan faollarga moliyaviy yordam ko'rsatishda davom etish kerak. Doxada G'arb va mintaqa diplomatlari uchrashgan. Guruhning navbatdagi uchrashuvi kelasi oy boshida Italiyada o'tadi.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi mamlakatda yashovchi liviyaliklarga bosim o'tkazgan Liviya elchixonasi xodimlaridan besh nafarini Germaniyadan chiqarib yuborgan. Bayonotda aytilishicha, Liviya elchisi vazirlikka chaqirtirilib, besh diplomatga mamlakatni yetti kun ichida tark etish buyurilgan.

Germaniya liviyalik diplomatlarni fuqarolari ketidan josuslik qilishini anchadan beri gumon qilib kelgan. Germaniya Liviyada Muammar Qaddafiy kuchlariga qarshi NATO harbiy kampaniyasida ishtirok etmayapti.

SURIYA

Suriyada yuzlab ayol va bola namoyish paytida hibsga olingan ko'plab odamlarni ozod etishni hukumatdan talab qilib katta yo'lni to'sib qo'ygan.

Inson huquqlari faollarining aytishicha, kecha xavfsizlik kuchlari Bayda qishlog'ini o'rab olib, uyma-uy yurib, 200 ga yaqin odamni hibsga olgan. Banias shahrida ham shu ahvol kuzatilgan. Qurolli kuchlar bilan to'qnashuvda to'rt kishi o'lgan.

Assoshieytid Press axborot agentligining xabar berishicha, hukumat namoyish qilayotgan ayollarni hovuridan tushirish maqsadida hibsga olinganlardan 100 nafarini ozod etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG