"Arab bahori" Markaziy Osiyoga uncha ta'sir qilmaydi, Vashingtondagi munozaralar


O’zbekistonda ziyolilar, jamoatchi faollar va yoshlardan so’rasangiz, ko’pchilik "bunday inqiloblar kerak emas" deya javob qiladi.

O’zbekistonda ziyolilar, jamoatchi faollar va yoshlardan so’rasangiz, ko’pchilik "bunday inqiloblar kerak emas" deya javob qiladi.

Arab dunyosida yakkahokimlikka qarshi qo’zg’olonlar avj olganidan beri bunday namoyishlar Markaziy Osiyo jamiyatlarida ham boshlanishi mumkinmi, Tunis va Misrdagi inqiloblar bu mamlakatlarda qanday aks-sado beradi degan savollar tez-tez quloqqa chalinadi.

Vashington siyosiy doiralarida yangrayotgan mulohazalar

Omma arab dunyosidagi g’alayonlar haqida ko’p bilmaydi, bilsa ham asosan Rossiya telekanallarida tomosha qiladi va eng muhimi, O’zbekistondek yirik jamiyatlarda ziyolilar, jamoatchi faollar va yoshlardan so’rasangiz, ko’pchilik bunday inqiloblar kerak emas deya javob qiladi.

Manzara shunday ekan, musulmon olamining narigi tomonida yuz berayotgan o’zgarishlar shamoli mintaqaga ham yetib kelishi mumkinmi?

Jahon siyosiy markazi Vashingtonda bunday savol o’rtaga tashlanganida, siyosatdonlar darrov Qirg’izistonni, u yerda ikki inqilob ro’y berganini eslatishadi.

Lekin, deydi 2000-2006 yillar orasida O’zbekiston va Ukrainada elchilik qilgan Jon Xerbst (John Herbst), “arab bahori” deya talqin qilinayotgan fenomen Nursulton Nazarboyev va Islom Karimovdek kuchli rahbarlar o’tirgan davlatlarga ta’sir qilmaydi.

“O’zgarishlar vaqti kelib yuz berishi muqarrar, ammo hozir hukumatdan norozi odamlar katta sonda rahbarlarga qarshi bosh ko’tarishi uchun O’zbekiston va Qozog’istondek joylarda na sharoit, na istak bor”, - deydi Jon Xerbst.

Jon Xerbst, AQShning O'zbekistondagi sobiq elchisi

Jon Xerbst, AQShning O'zbekistondagi sobiq elchisi

Iste’fodagi diplomat - hozirda AQSh Mudofaa Universitetida murakkab amaliyotlar markazi direktori.

2005 yilda Andijonda nima bo’lgani hamon mavhum, deydi u, lekin voqealar ortida kim turganidan qat’iy nazar u qonli ravishda bostirildi. Bu esa xalqning hukumatga nisbatan qo’rqinchini oshirdi.

Qirg’izistondagi hukumat to’ntarilishlari qo’shni davlatlarga o’tmaganining asosiy sabablaridan biri, bu diplomat nazarida, mintaqa ahlini bir-biri bilan bog’laydigan axborot vositalarining mavjud emasligi.

“Al-Jaziradek telekanallar bo’lmagani uchun omma atrofda nima bo’layotganini yaxshi bilmaydi. Rossiya kanallari esa Kreml pozitsiyasini tushuntiradi, xolos”, - deydi Jon Xerbst.

Ross Uilson, AQShning Turkiyadagi sobiq elchisi, hozirda Atlantika Kengashi a'zosi, Markaziy Osiyo siyosiy doiralari bilan yaxshi tanish

Ross Uilson, AQShning Turkiyadagi sobiq elchisi, hozirda Atlantika Kengashi a'zosi, Markaziy Osiyo siyosiy doiralari bilan yaxshi tanish

Yaqin o’tmishda Turkiyada elchilik qilgan va hozirda Atlantika Kengashi nomli tahlil markazida yetakchi mutaxassis Ross Uilson (Ross Wilson) regionda tez-tez bo’lib turadi.

Siyosiy doiralar xavotirda, deya mulohaza yuritadi u, arab dunyosidagi voqealar sabab Amerika yana demokratiya va erkinlikka urg’u bera boshlashi, bu esa aloqalarni susaytirishi mumkin degan taxminlar bor. AQSh Afg’onistonni tark etsa, nafaqat bu zaif davlat, balki qo’shni Pokistonda ahvol ne kechadi deb so’rashmoqda.

Hukumatlar sarosimada va xavfsizlik masalasi har doimgidan ham yuqori o’ringa chiqqan. Maxfiy xizmat, qurolli kuchlar va boshqa organlar hukumat himoyasiga shaylangan. Masalan, Misrdagi kabi “rahbarni emas, davlat va xalqni himoya qilamiz” deb turgan armiya yo’q.

Uilson o’z muloqotlariga asoslanib shuni aytadiki, mintaqa rasmiylari va elita Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi qo’zg’olonlar ortida G’arb turibdi deb biladi va bu to’polonlar arab jamiyatlarini yanada yemiradi, biror ijobiy o’zgarishga yetaklamaydi deb hisoblaydi.

Lekin, deydi Uilson, Markaziy Osiyoda ham yangi sahifa ochish vaqti keldi deydiganlar ko’p, jumladan siyosiy doiralarda.

O’zgarishlar inqiloblar orqali emas, avlodlar almashishi natijasida yuz beradi degan umid bor.

Antoni Boyer, Saylov Tizimlari bo'yicha Xalqaro Jamg'armada yetakchi mutaxassis

Antoni Boyer, Saylov Tizimlari bo'yicha Xalqaro Jamg'armada yetakchi mutaxassis

Saylovlar va demokratik jarayonlar bo’yicha mutaxassis Antoni Boyer (Anthony Bowyer) fikricha, Markaziy Osiyoda, ayniqsa, O’zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda yoshlar u qadar faol emas, ya’ni mustaqil fikrlash, tashqi dunyo bilan aloqa qilish bobida ancha sust. Davlat nazorati ostidagi dastur va tashkilotlarda yoshlar ishlayotganini ko’rasiz, ammo ular erkin uyusha olmaydi, siyosiy faollik cheklangan.

Repressiv muhitda katta bo’lgan yoshlar ertaga rahbarlik o’rinlarini egallasa, siyosiy mentalitet yangilanadi deyish qiyin. Erkinlik va tanqidiy-tahliliy fikrlash - juda muhim faktor, deydi Jon Xerbst.

Mustaqillikning ilk 10 yilligida O’zbekistonda yoshlarning G’arbga borib o’qishi rahbariyat tomonidan quvvatlanar edi, deydi Xerbst. Lekin erkin yoki o’zgacha fikrlash hukumat uchun “xavf” ekani ayon bo’la boshlagach, bunga chek qo’yildi. Yoshlar ongi “zaharlanmasligi” uchun zarur choralar ko’rildi. Talaba va o’quvchilarni Amerikada ilm olishi uchun imkoniyat yaratuvchi dasturlar yopildi va ko’plab xalqaro tashkilotlar O’zbekistondan chiqib ketdi.

Xullas, Vashingtondagi siyosatdonlar nazarida “arab bahori” Markaziy Osiyoga unchalik ta’sir qilmaydi. Dunyo ishlaridan xabardor jamoatchilik orasida o’ziga xos tarzda muhokama qilinishi mumkin, xolos.

Qolaversa, deydi bu ekspertlar, Qirg’izistondagi ikki revolyutsiya, mana arab dunyosidagi inqiloblar nima karomat ko’rsatdi va ko’rsatayapti degan savolga hozircha javob berish qiyin.

Shunisi aniqki, bu yo’lni bosib o’tgan jamiyatlar o’zgarmoqda, omma fikr almashishga, amaldorlarni savolga tutishga o’rganmoqda. Qolganini esa vaqt ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG