Breaking News

Arizonada qabul qilingan immigratsion qonun qanday o’zgarish qiladi?


Immigratsiyani qanday tartibga keltirish Qo’shma Shtatlarda azaliy muammo. Mamlakatda 11-12 milliondan ziyod hujjatsiz muhojir yashaydi. Yaqinda Arizona shtatida qabul qilingan qonunga ko’ra, mahalliy politsiya istagan odamning hujjatini tekshirishi, savolga tutishi mumkin.

Kelasi oy kuchga kiradigan bu qonundan ko’pchilik norozi. Huquq tashkilotlari hujjatni qoralab, fuqarolardan shtatda rejalangan tadbirlarni bekor qilishga, u yerga sayohat qilmaslikka da’vat etmoqda.

Meksika bilan chegaradosh Arizonada qabul qilingan qonun norozilik namoyishlariga sabab bo’lmoqda. Unga binoan, muhojirlar doimo o'zi bilan hujjat olib yurishi, huquq-tartibot idoralari istagan odamni tekshirishi mumkin.

Janet Murgia lotin amerikaliklar huquqi uchun kurashuvchi “La Raza” tashkiloti prezidenti. Namoyishchilarni qo’llab, Arizonada rejalangan anjuman va yig’inlarni boykot qilishga chaqirmoqda.

“Kompaniyalarni Arizonada yig’inlar, konferensiyalar o’tkazishdan bosh tortishga da’vat etamiz. Qabul qilingan qonun odamlarni irqiga qarab ajratishga olib keladi. Bu noqonuniy muhojirlar emas, aynan lotin amerikaliklar, meksikaliklarga qarshi qaratilgan harakat”, - deydi tashkilot rahbari.

Qonun tarafdorlari ham oz emas. Boykotni dastaklash Arizona iqtisodiyotiga ziyon qilish demakdir. “Biz bu yerga kelishimizdan maqsad odamlarga haqiqatni aytish, ularni shtatning turizm sohasini qo’llab-quvvatlashga chaqirish”, deydi ular.

Meksika prezidenti Filip Kalderon immigratsion qonunni tanqid qilib, mazkur hujjat irqiy kamsitishlarga keng yo’l ochadi demoqda. Meksika hukumati Arizona shtatiga sayohat qilayotgan fuqarolariga o’zlari bilan hujjat olib yurish kerakligini uqtirgan.

Meksika ichki ishlar vaziri Fernando Gomez-Mont, bu qonundan mamnun emasmiz deydi. “Bu meksikaliklarga qarshi qaratilgan hujjat. Arizona sarhadlarida qonuniy yashayotgan fuqarolar ham irqiy diskriminatsiyaga uchrashlari mumkin”, - deydi vazir.

Mahalliy politsiyachilar nazarida qonun kuchga kirsa jinoyatlar haqida ma’lumot to’plash qiyinlashadi.

“Chunki odamlar biz bilan suhbatlashgani hayiqadi”, - deydi kapitan Jek Xarris. “Huquq-tartibor organlarining asosiy vazifasi fuqarolarni himoya qilish”.

Qonun ishga tushgach, deydi uni yoqlayotganlar, shtatda hujjatsiz muhojirlar sodir etayotgan jinoyatlar soni kamayadi. Uni qabul qilishga majbur bo’ldik, chunki AQShga Meksika orqali noqonuniy kirib kelayotgan immigrantlar oqimini to’xtatishga qaratilgan choralar samara bermayapti, deydi Arizona gubernatori Jan Bruver.

“Men shaxsan bu qonun tarafdoriman. Shtatimiz fuqarolari va qolaversa butun mamlakat bo’ylab hamfikrlarimiz ko‘pligiga ishonaman. Biz barcha imkoniyatlarni ishga solib, chegaralarimizni mustahkamlaymiz”, - deydi gubernator.

Oq uy yangi immigratsion qonunni tanqid qilishiga qaramay, Ichki xavfsizlik vazirasi va Arizona sobiq gubernatori Janet Napolitano bu kabi choralar o’zidan o’zi paydo bo’lmaydi deydi:

“Arizona Qo’shma Shtatlarga kirib kelayotgan narkotik moddalar, kontrabanda, noqonuniy muhojirlar uchun qulay darvozaga aylanib ulgurgan. O’tgan 15 oy davomida buni oldini olish uchun ko’p sa’y-harakat qildik”.

Prezident Obama Kongressni immigratsion islohotlarni tezlashtirishga chaqirmoqda. Fuqaro huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar bu chaqiriqni olqishlab, immigratsiya bilan bog’liq muammolar alohida shtatlar emas, federal miqyosda qabul qilingan islohotlar natijasida barham topishi mumkin demoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG