Amerika-Meksika chegarasi eng xavfli hududlardan biri

  • Amerika Ovozi

Meksikaning Nogales shahri Arizona shtati bilan chegaradosh

Meksikaning Nogales shahri Arizona shtati bilan chegaradosh

Arizona shtatining immigratsiya bo’yicha qonunlari ko’p tanqidga uchrab, Oliy Sudda ko’riladigan bo’ldi. Qo’shni Meksikada ahvol notinch, narkotiklar savdosiga qarshi kurash avjida. Amerikada chegarani mustahkamlash kerak, muhojirlar oqimini kamaytirish zarur, deganlar ko’paymoqda. “Amerika Ovozi” Arizonaning Meksika bilan chegaradosh hududiga borib, vaziyatni o’rgandi.

Arizona shtatidagi Nogales shaharchasi Meksikaga tutashgan. Chegaraning narigi tarafi osoyishta ko’rinadi.

Biroq Arizona aholisi nazarida Nogales juda xavfli. Mahalliy fuqaro Meri Darling MakKyun shahridan xavotirda.

“Bu yerlar qo’rqinchli. Yaqinlarim meni o’ylab tashvishda”,- deydi u.

Chegara

Chegara

Yuzlab chegarachi tinchlikni saqlab turadi, federal agentliklar jinoyatchilikka qarshi kurashda. Lekin Meri MakKyun deydiki, Meksikaga kirib-chiqish qiyin emas.

“Tepalikdan pastga tushsangiz, chegarani kesib Meksikaga o’tish mumkin. U yerdagi restoranlarga borish mumkin. Menimcha, hech qo'rqadigan joyi yo’q.”

Meksikada tug’ilgan Mariya Duran AQShda, Arizona shtatida yashaydi. Qarindoshlarini borib ko’rib tursa-da, vataniga qaytmoqchi emas.

“AQShda yashash huquqiga egaman. Bu yerda hayotim tinch, xavfsiz”,- deydi u.

Mana bu po’lat devor ikki shahar, ikki mamlakatni ajratib turadi.

Huquq-tartibot organlariga ko’ra, devor qurilgach noqonuniy muhojirlar soni ancha kamaydi. Narkotiklar kontrabandasi ham.

Qoradori savdogarlari endi chegaraning boshqa qismlarida ish yuritishga urinmoqda.

Biroq mahalliy aholi devor qurilganidan norozi.

Chegaraning bu tarafi, ya’ni Meksikada, amerikaliklar kelmay qo’yganidan beri savdo-sotiq ham sustlashdi. Minglab odamlar bu yerda bozor qilib, ro’zg’or tebratar edi.

Bir necha yil oldin bu ko’chalar gavjum, amerikalik turistlarga to’la edi. Ko’plar arzon dori sotib olish uchun kelardi.

Dorixona egasi Silviya qiyinchiliklardan noliydi:

“Biznes o’ldi, savdo hajmi pasaydi. Sayyohlar oqimi ham kamaygan”.

Meksikaliklar

Meksikaliklar

Silviya fikricha, bunga sabab - AQShdagi iqtisodiy inqiroz hamda Meksikadagi tinimsiz jinoyatlar.

Shu bilan birga amerikaliklardan Meksikaga o’tish uchun pasport talab qilinishi vaziyatni o’zgartirdi.

“AQShdagi gazetalar Meksika qonga botgan deb ma’lumot bermoqda. Bu yolg’on”.

Jiddiy jinoyatlar bo’ldi, lekin vaziyat tinch, deydi ayol. Vahima ko’tarib, iqtisodga jiddiy zarar keltirish har ikki davlat uchun zyon, deydi u.

Mahalliy biznes qiyinchiliklarga yuz tutmoqda. Biroq ikki davlat o’rtasidagi savdo o’sib boryapti.

Meksika va AQSh o’rtasida tovarlarga to‘la poyezdlar yuradi. Kuniga bir necha marta chegarani kesib o’tadi. Yuzlab yuk tashuvchi mashinalar ham. Nogales orqali yiliga 20 milliard dollarga teng savdo qilinadi.

AQSh-Meksika o’rtasidagi savdoning umumiy hajmi 460 milliard dollar atrofida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG