Obama yurtdoshlaridan sabr-toqatli bo'lishni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama rafiqasi Mishel Obama bilan Arizona shtatining Tuson shahridagi xotira marosimida

Prezident Barak Obama rafiqasi Mishel Obama bilan Arizona shtatining Tuson shahridagi xotira marosimida

12 yanvar kuni kechqurun Barak Obama Arizona shtati Tuson shahridagi nufuzli oliygohdan turib, Amerika xalqiga murojaat qildi.

Prezident yurtdoshlarini bardam, sabr-toqatli va bag'rikeng bo'lishga hamda kengroq fikrlashga undadi.

Arizona Davlat Universitetida prezidentni tinglash uchun 14 ming kishi yig'ildi

Arizona Davlat Universitetida prezidentni tinglash uchun 14 ming kishi yig'ildi

To'rt kun oldin bu shaharda yuz bergan qatliomda olti kishi halok bo'lgan edi.

Obama ularni qahramon deb atadi.

Kongress a'zosi, demokrat Gabriella Giffords gavjum bir savdo markazida saylovchilar bilan uchrashayotgan paytda bir yosh yigit kelib olomonni o'qqa tutgan.

Bu shaxs, deydi tergovchilar, 22 yoshli Jared Lofner.

Ishsiz, bezorilikda ayblanib o'qishdan haydalgan, armiyaga olinmagan. Lofner jinoyat joyida hibsga olingan. Qurolini qayta o'qlayotgan paytda bir necha kishi unga tashlanib, politsiyaga yordam bergani aytiladi. Lofnerning oilasi uning qilmishi uchun kechirim so'rab, bayonot chiqargan.

"Bu fojiadan tegishli saboq olib, qaddimizni rostlashimiz, teran fikrlab, bir-birimizni asossiz ayblamay, mehr-oqibatli bo'lishimiz kerak", - deydi Barak Obama.

"Bu fojiadan tegishli saboq olib, qaddimizni rostlashimiz, teran fikrlab, bir-birimizni asossiz ayblamay, mehr-oqibatli bo'lishimiz kerak", - deydi Barak Obama.

Hujumda Giffords xonim miyasidan o'q yegan va kasalxonada og'ir ahvolda yotibdi. Jarrohlar fikricha uning yashab ketishiga umid bor, lekin holati juda qaltis.

Halok bo'lganlardan biri Giffordsning yordamchisi Geyb Zimmerman.

Yana biri federal sudya Jon Roll.

Yana biri esa to'qqiz yoshli qizaloq, 2001 yilning 11 sentabrida dunyoga kelgan Kristina Teylor-Grin.

"Biz siz bilanmiz. Bu ayriliq azobini tushunamiz. Bu dahshatli voqea hammamizning yuragimizni payhon qildi",- deydi Obama, o'lganlarning oilalariga hamdardlik bildirar ekan.

Arizona federal sudyasi Jon Roll qonunchi Gabrella Giffords bilan sal avval olingan suratda

Arizona federal sudyasi Jon Roll qonunchi Gabrella Giffords bilan sal avval olingan suratda

"Fojiadan tegishli saboq olib, qaddimizni rostlashimiz, teran fikrlab, bir-birimizni asossiz ayblamay, mehr-oqibatli bo'lishimiz kerak", - deydi Barak Obama.

"Toqqiz yoshli norasida qizaloq qonunchini eshitishga kelib, demokratik tuzum nima ekani haqida bila boshlagan edi",- deydi prezident.

Ayni damda kasalxonada 13 kishi hayot uchun kurashmoqda. Prezident ularni ham fidoyi amerikaliklar, qo'rqmas insonlar deb ta'rifladi.

Hujum paytida odamlar bir-birini himoya qilgan, yonidagilarning hayotini asrab qolgan.

"Bu hammamizning ko'zimizni ochishi kerak", - deydi Obama, "bir-birimizga mehribon bo'laylik, bir-birimizni qadrlaylik".

30 yoshli Geyb Zimmerman Kongressda Gabriella Giffords qo'lida ishlar edi

30 yoshli Geyb Zimmerman Kongressda Gabriella Giffords qo'lida ishlar edi

Prezident bugun Gabriella Giffordsni borib ko'rgan.

Shifokorlarning aytishicha, qonunchi ayol savollarga javob berishga harakat qilmoqda, imo-ishora orqali.

Obama Tusonda marhumlarning oilalari, jarohatlanganlarning yaqinlari bilan ham uchrashgan.

Amerika bo'ylab xotira marosimlari o'tmoqda.

Kongress hujumni qoralab, har bir fuqaro xavfsizligini ta'minlash davlatning asosiy burchi deya qayd etmoqda.

Qonunchilar xalq vakili ekan, ular saylovchilar va jamoatchi faollar bilan tez tez uchrashib turadi. Aksariyat siyosatchilarning shaxsiy soqchilari yo'q. Tadbirlar hamma uchun ochiq.

Ayrim amerikaliklar nazarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish kerak.

Boshqalar esa bu demokratik tamoyillarga qarshi degan fikrda. Fuqaro o'zi saylagan rahbar yoki vakil bilan bemalol ko'risha, so'zlasha olishi kerak, deydi ular.

Hujumda ayblanayotgan Jared Lofner

Hujumda ayblanayotgan Jared Lofner

Jared Lofnerga qotillik va Kongress a'zosiga qasd qilganlik ayblari qo'yilmoqda.

Sud uni aybdor deb topsa, bir umrga qamalishi yoki oliy jazo, o'limga hukm qilinishi mumkin.

Tergovchilarning bildirishicha, Lofnerning asl maqsadi Giffordsni o'ldirish bo'lgan.

Bu yigit qonunchi ayolni 2007 yildan beri turli xatlar orqali qo'rqitib kelgan.

Sabab bu siyosatchiga nafratmi, davlatdan norozilikmi yoki ruhiy kasallik? Balki hammasi? Ekspertlar xulosa qilishga shoshmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG