19 avgust - SSSR haqiqatda parchalana boshlagan kun

  • Gazetxon Do'st

19 avgust - SSSR haqiqatda parchalana boshlagan kun

19 avgust - SSSR haqiqatda parchalana boshlagan kun

1991-yilning 19-avgusti zamonaviy tarix sahifalariga Sovet Ittifoqi parchalana boshlagan sana sifatida kirgan. Uni saqlab qolish uchun qilingan harakat samara bermagan. Sal o’tmay kommunistik imperiya barham topdi.

Bu muhim mavzu haqida O’zbekiston matbuotida biror narsa topish qiyin. Nega? Jamoatchilikning o'sha qaltis davr haqida bilishga, uni tahlil qilishga haqqi yo'qmi?

Hukumat gazetalarida ham, siyosiy partiyalarning nashrlarida ham 20 yil avval O’zbekiston mustaqilligiga yetaklagan omillar xususida sharh yoki maqola ko'rinmaydi.

Sovet Ittifoqi bayrog'i

Sovet Ittifoqi bayrog'i

O’shanda SSSR rahbari Mixail Gorbachyovni hokimiyatdan chetlatgan Favqulodda holatlar bo'yicha davlat qo'mitasi (GKChP, ГКЧП- Государственный комитет по чрезвычайному положению) butun ittifoq bo’ylab nazoratni qo'lga olishga uringan va Boris Yeltsin boshchiligidagi demokratlar unga qarshi chiqib, butun tizim qulagan edi.

Davlat to’ntarishi uch kun davom etgan. Lekin bu qisqa davr iqtisodiy jihatdan nochorlashgan xalqlar va ularning yetakchilarini sergak torttirgan.

Mustaqillikning 20 yilligi munosabati bilan O’zbekiston televideniyesida namoyish etilgan filmda Islom Karimov respublikani mustaqillikka yetaklagan milliy qahramon sifatida gavdalanadi. Lekin aynan Karimov Gorbachyovning to’ntarilishini yoqlab Moskvaga telegramma jo’natgani haqida o’sha paytdagi matbuot sahifalari guvohlik beradi.

Gennadiy Yanayev, Mixail Gorbachyovni hokimyatdan chetlatgan Favqulodda holatlar bo'yicha davlat qo'mitasi rahbari edi

Gennadiy Yanayev, Mixail Gorbachyovni hokimyatdan chetlatgan Favqulodda holatlar bo'yicha davlat qo'mitasi rahbari edi

Filmda qayd etilishicha, o’sha damlarda Hindistonda safarda yurgan Karimov Kremldagi voqealarni eshitib darhol vatanga qaytadi. Toshkentga keliboq GKChP chiqargan qarorlar O’zbekistonda kuchga ega emasligi haqida ko’rsatmalar beradi.

Biroq o’sha paytda mamlakat mustaqilligi uchun kurashayotgan muxolifat yetakchilari Karimovning samolyot bortidan turib, Favqulodda holatlar bo'yicha davlat qo'mitasi rahbari rahbari Gennadiy Yanayevga yo’llagan tabrik xatini g’azab bilan eslashadi.

Muxolifatning ta’kidlashicha, GKChPning uch kun ichida mag’lubiyatga uchrashigina Karimovni O’zbekiston mustaqilligini e’lon qilishga majbur etgan.

O'zbekiston televideniyesida mustaqillikka yetaklagan damlar haqida maxsus film havola etildi. Unda Islom Karimov milliy qahramon sifatida gavdalanadi.

O'zbekiston televideniyesida mustaqillikka yetaklagan damlar haqida maxsus film havola etildi. Unda Islom Karimov milliy qahramon sifatida gavdalanadi.

Gorbachyov oshkoralik haqida gapirar ekan, 1990-yillar boshi to’lqinli, g’alayonli, milliy ozodlik uchun kurash cho’qqiga chiqqan bir davr bo’lgan.

Lekin O’zbekistonda bu tarix hozir faqat bir kishi, prezident Islom Karimovning nomi bilangina bog’lanadi, shu talqinda yangi avlodga o’rgatiladi.

Islom Karimov hukumatga kelganidanoq mustaqillik uchun kurash boshlagani haqidagi targ’ibotlar ayni damlarda matbuot sahifalari va televideniyeda yanada kuchaygan.

1980-yillardayoq milliy ozodlik tuyg’usi uchun kurashgan, ziyolilar va yoshlar orasida mustaqillik g’oyalarini yoygan faollar taqdiri haqida ko’pchilik bilmaydi.

Ularning ayrimlari hamon O’zbekiston qamoqxonalarida. Boshqalari mustaqillikka erishgan vatandan quvg’in qilingan, tarix sahifalaridan o’chirilgan. Ular bugun faqat mustaqillik va barqarorlik dushmanlari sifatida tilga olinadi.

XS
SM
MD
LG