30 kunda 30 shtatdagi 30 masjid

  • Amerika Ovozi

30 kunda 30 shtatdagi 30 masjid

30 kunda 30 shtatdagi 30 masjid

Omon Ali va Bassam Tariq ko’rgan-kechirganlarini internetda maxsus blog ochib, o’quvchilar bilan bo’lishib bordi. Sarguzashtga boy kundalik bir zumda mashhur bo’lib ketdi.

Nyu-Yorkda islomiy markaz qurilishiga qarshi namoyishlar avj olganiga qaramay, yigitlar tashrif buyurgan shtatlarda islomga, musulmonlarga g’azabni his qilmaganini aytadi.

Omon Ali AQShning Ogayo shtatidagi kichik bir shaharchada o’sib ulg’aygan.

“Men o’qigan maktabda yagona musulmon edim desam xato bo’lmaydi. Tengdoshlarimning din va irq haqida ko’p savollariga javob berishimga to'g’ri kelgan”.

Bassam Tariq Texas shtatida, pokistonlik muhojirlar yashaydigan mahallada katta bo’lgan.

Men o’zimni na pokistonlik va na amerikalik deb his qilardim. Xuddi arosatda qolgandek”, - deydi u.

Asosan konservativ shtatlarda katta bo’lgan bu ikki yosh amerikalik musulmon yigit Nyu-York shahrida tanishgan. 2001-yil 11-sentabr terror xurujlarida yakson bo’lgan imoratlar yaqinida qurilishi rejalangan islomiy markaz Amerika bo’ylab bahsu munozaraga sabab bo’lar ekan, Ali va Tariq antiqa bir rejaga qo’l urdi. Bu loyihani Ramazon yo’lnomasi deb nomladi.

Ali va Tariq Ramazon oyi davomida mamlakat bo’ylab 30 masjidni ziyorat qilishni maqsad qildi.

Ikki do’st kundalik sarguzashtlarini o’zlari yaratgan 30mosques.com sahifasida e’lon qilib bordilar. Kundan-kunga AQShning turli shtatlaridagi masjidlar haqida qiziqib o’qiydiganlar so’ni ko’paydi.

“11-sentabr voqealaridan keyin Qo'shma Shtatlarda musulmonlarga munosabat tubdan o’zgardi. Irqiy kamsitishlar, musulmonlarga dushman ko’zi bilan qarash, mana endi masjid qurilishiga qarshilik… Bu men bilgan Amerika emas!”

Mamlakat bo’ylab safar qilar ekanlar, yigitlar musulmonlar va boshqalar o'rtasida, ularning qarashlarida deyarli farq yo’qligini aytadilar.

Hamma birdek tinchlik-totuvlikni, hurmat-ehtiromni birinchi o’ringa qo’yadi. "Qizig’i shundaki", - deydi Ali, "e’tiqodi tufayli yashash tarziga ziyon yetgan jamoaga duch kelmadik".

“Sayohat davomida hech qaysi musulmon jamoasi qo’shnilaridan noliganini ko’rmadik. Aksincha, biri-biridan xursand”.

“Men chet mamlakatlarda ko’p bo’laman. Ko’pchilik o’ylaydiki, biz musulmonlar Amerikada bosim ostida yashaymiz. Lekin aslida bunday emas. Loyihadan maqsad ham shuni ko’rsatish edi,” - deydi Ali.

O’z e’tiqodimizga ham chuqurroq nazar tashlash uchun imkoniyat bo’ldi, deydi ular.

“Yo’l-yo’lakay oddiy musulmon amerikaliklarning turmush tarzi, ularning boshqa din vakillari bilan munosabatini kuzatar ekanman, zavqlandim. Bu mening vatanim. Men amerikalikman!” - deya faxr bilan gapiradi yigitlar.

“Shu jamiyatning to’laqonli a’zosimiz. Barcha kabi maktabga boramiz, ishlaymiz, shu yurt rivojiga hissa qo’shamiz”, - deydi ular.

Ramazon oyining oxirgi ikki kunini Michigan va Tennessi shtatlarida o’tkazib, Ali va Tariq hayit kunini nishonlash uchun Nyu-Yorkka yetib keldilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG