Guantanamo, qiynoqlar va terrorizmga qarshi urush

  • Amerika Ovozi

Guantanamo, qiynoqlar va terrorizmga qarshi urush

Guantanamo, qiynoqlar va terrorizmga qarshi urush

Kubaning Guantanamo bo’g’ozida joylashgan turmada terrorga qarshi urush asirlari saqlanadi.

Afg’oniston, Pokiston va Yaman kabi davlatlarda ushlangan, jangarilikda gumon qilingan yuzlab shaxslar uchun borsa-kelmas bir makon.


Tanqidchilar deydiki, AQShni “erkinlik kuychisi” degan nomdan ayirgan Guantanamo allaqachon yopilishi kerak edi.

Dunyoda Guantanamochalik nomi bulg’angan qamoqxona bo’lmasa kerak. Bu yerda saqlanadigan odamlarning bari terroristlikda gumon qilinadi.

Xizmatni Guantanamoda o’tayotgan zobitlar Amerikani xavfsiz saqlashga hissa qo’shayotganini aytadi, ishini g’urur bilan tilga oladi. Ammo bu yer Amerikaning o’zida bir necha yildan beri munozarali mavzu.

Prezident Barak Obama 2009 yildan beri “bu qamoqni yopamiz” deb keladi. Bunga asosiy sabab – qiynoqlar.

Mulla Abdul Salom Zaif, Tolibon vakili, Guantanamoda o’tirib chiqqan.

“So’roq paytida meni yakka kameraga qamab qo’yishgan. Savollariga javob bermasangiz, issiq-sovuq xonalari bor. Qiynoq desa yuz bir usulni qo’llashadi”, - deydi u.

Guantanamo, qiynoqlar va terrorizmga qarshi urush

Guantanamo, qiynoqlar va terrorizmga qarshi urush

Amerika sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld hamda Jorj Bush ma’muriyatida ishlagan boshqa yuroqi lavozimdagi arboblar bu iddaolarni inkor etadi.

“Bilasizmni, terrorist qo’lga tushgan zahoti “meni qiynoqqa solishyapti” deb dod-voy soladi, bu ularning taktikasi. Jurnalistlar esa bu yolg’on xabarni olib butun dunyoga doston qiladi”, - deydi Ramsfeld.

Guantanamo rahbari admiral Jeffri Xarbesonning aytishicha, mahbuslarni tahqirlash man etilgan.

“Tartib-intizom hamda qo’riqchilar muomalasi namunaviy desa bo’ladi. Ishimizni professional tarzda, eng yuqori standard bo’yicha bajaramiz”.

Misol uchun, mahbuslarga olti xil menyudan kuniga uch mahal ovqat beriladi. Tibbiy xizmat, kitob va filmlar, diniy adabiyot – hammasi muhayyo.

Lekin qamoq baribir qamoq. O’ta xavfli sanalgan ayrim asirlar ehtimol butun umrini shu yerda o’tkazadi.

Guantanamoning shunday joylari borki, hech kimga ko’rsatishmaydi. Taxminlarga ko’ra, bundan 10 yil oldin Amerika shaharlariga hujum uyushtirgan shaxslar “yettinchi bo’limda” saqlanadi.

Guantanamo, qiynoqlar va terrorizmga qarshi urush

Guantanamo, qiynoqlar va terrorizmga qarshi urush

Guantanamo atrofidagi bahs-tortishuvlar xavfsizlik masalasiga borib taqaladi. Terrorga qarshi urush e’lon qilingach, asirlarni so’roq qilish uchun aynan shunday bir qulay joy kerak edi.

Kalli Stimson 2004-2007 yillarda Mudofaa vazirligida mahbuslar masalasi bilan shug’ullangan.

“Xurujlarni rejalagan yoki bu ishga aloqasi bo’lgan shaxslarni topib qamoqqa olishdan muhimroq vazifa yo’q edi o’shanda”, - deydi u.

Lekin terrorizm gumoni bilan odamlarni Guantanamoga yuborish xato qaror bo’lgan, deydi Yel Universiteti professori Yujin Faydel.

“Jahon bo’ylab Amerika o’ziga nisbatan nafrat hissini kuchaytirdi. Xalqaro huquqiy me’yorlar chalkashib, adliya siyosat bilan qo’shilib ketdi”.

Guantanamoga jami 780 asir olib kelingan bo’lsa, shulardan 600 nafari vataniga yoki boshqa mamlakatlarga ko’chirilgan.

Qolganlarini Qo’shma Shtatlarga olib kelib, ishni fuqaro sudlariga oshirish taklifi bor, lekin Kongress bunga qarshi.

Turma ochilganiga 10 yil to’ldi. Prezident Obama qanchalik harakat qilmasin, Guantanamo hali- beri yopilmaydigan ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG