Terroristlarga ustozlik qilgan uchuvchiga nima bo'ldi?

  • Amerika Ovozi

Terroristlarga ustozlik qilgan uchuvchiga nima bo'ldi?

Terroristlarga ustozlik qilgan uchuvchiga nima bo'ldi?

Bundan 10 yil oldin yuz bergan terror xurujlarini Amerika xalqi iztirob bilan yodga olmoqda.

Yo’lovchi samolyotlarni olib qochib, ularni yirik obyektlarga urgan terrorchilar mamlakatda bemalol yurgani, uchishdan dars olgani va 11-sentabr kuni uch mingga yaqin insonni o’ldirganiga haliyam ishonish qiyin.

Muhammad Ata va Marvon al-Shahiy – 2001-yilning 11-sentabr kuni ikki samolyotni Nyu-Yorkdagi Jahon Savdo Markazi binolariga urgan shaxslar.

Har ikkisi Rudi Dekkers ismli pilot qo’lida olti oy davomida uchishni o’rgangan.

Rudi Dekkers

Rudi Dekkers

Dekkers Niderlandiya fuqarosi, Amerikada yashaydi. Florida shtatida o’zining aviatsiya maktabini yuritgan. Muhammad Ata va Marvon al-Shahiy uning o’quvchilari edi.

Florida osmonlari treyning uchun juda qulay. To’rt terroristdan uch nafari shu yerda tayyorgarlikdan o’tgan. Tekis maydon. Sohilbo’yini ko’rish havo navigatsiyasiga yordam beradi.

“Biz doimo okean tomon 15 kilometr masofaga uchardik. Juda tinch joylar. Mashg’ulotlarning asosiy qismi shu yerda o’tgan”, - deydi Rudi Dekkers, sobiq murabbiy.

Ikki terrorist darsga har kuni qatnardi. Test natijalari, studentlik hujjatlari, hatto pilotlik lisenziyasida Muhammad Ataning imzosini ko’rish mumkin.

Muhammad Ata

Muhammad Ata

“Muhammad doimo yakka yurardi, kamgap edi, hech kimga yaqinlashmasdi. Marvon al-Shahiy esa buning aksi”, - deydi Dekkers.

Uning aytishicha, xorijiy studentlar orasida shu ikkisi beparvoligi, qo’pol muomalasi bilan ajralib turardi. O’qishdan haydalishi haqida ogohlantirilgach, xulq-atvori bir oz yaxshilangan.

Hujumlar ketidan Rudi Dekkers daromadli biznesidan ayrildi, xonavayron bo’ldi.

11-sentabrdan bir kun o’tgach federal agentlar ertalab soat to’rtda Dekkersning ofisiga kirib, qog’oz va kompyterlarni musodara qilishgan.

Immigratsiya xizmati kursga qatnagan barcha odamlarning hujjatlari bo’yicha uni savolga tutdi. Kongressga ham chaqirishdi. Qalloblik gumoni bilan jinoiy ish ochildi. Dekkersning hayoti ostin-ustun bo’lib ketdi.

Terrorchilar "Cessna-172" rusumidagi kichik samolyotda uchishni mashq qilgan

Terrorchilar "Cessna-172" rusumidagi kichik samolyotda uchishni mashq qilgan

“Qanchalik qiyin bo’lganini bilsangiz edi. 12 million dollarga teng mulk va biznesimdan ayrildim”, - deydi u.

Sobiq pilot xurujda terroristlarni, al-Qoida va Osama bin Ladenni ayblaydi. Bu haqda kitob ham yozdi.

"Agar bugun ham o’sha biznesi bo’lganida edi, musulmon talabalarga yo’q degan bo’lardim”, - deydi u.

Falakning gardishi deb shuni aytishsa kerak.

“Hayotimni barbod qilgan 11-sentabr. Floridada, sohilbo’yidagi uyimni sotdim. Oilam buzilib ketdi. Lekin hayot davom etadi. Oldinga qaramay iloj yo’q”.

Minglab insonlarni hayotdan olib ketgan xurujlarda mening aybim yo’q, deydi bu shaxs. “Murabbiy edim, yoshlarga uchishni o’rgatganman xolos”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG