Breaking News

Yangicha urushlar, yangicha dushman va bugungi harbiy tayyorgarlik


Yangicha urushlar, yangicha dushman va bugungi harbiy tayyorgarlik
Yangicha urushlar, yangicha dushman va bugungi harbiy tayyorgarlik

AQShda 2001-yil terror xurujlaridan beri bu davlat armiyasida katta o’zgarishlar ro’y berdi. Iroq va Afg’onistonda urushlar, dunyoning turli burchaklarida maxsus operatsiyalar.

Harbiy strategiya bugun nazariy jihatdan emas, balki jang maydonida, amaliy sinalmoqda.

Vaqt tig’iz. Askarlar bir necha daqiqa ichida hududni dushmandan tozalashi kerak. Xatoga o’rin yo’q.

Bu, albatta, mashq maydoni. Qurol, o’q-dori va dushman qalbaki. Ammo kelasi bir necha oy ichida bu zobitlar Afg’onistonga jo’naydi. Haqiqiy jang maydoniga.

Iroqda xavfsizlikni ta'minlash ishlari mahalliy kuchlarga topshirilgan
Iroqda xavfsizlikni ta'minlash ishlari mahalliy kuchlarga topshirilgan

2001-yilgi terror xurujlari paytida bu yigitlarning ko’pi hali o’smir edi.

Bugun ular tajribali jangchilar. Ba’zilari Afg’oniston va Iroqda uch-to’rt martalab xizmat qilgan. Kapitan Brayan Piterson navbatdagi batalyon tayyorgarligi uchun javobgar.

"Malakali askar urushdan tirik qaytadi. Eng og’ir vaziyatda ham ziyrak bo’lishni, kitobda o’qigan narsani amalda qo’llashni o’rgatamiz",- deydi kapitan Piterson.

Holdan toyganda ham olg’a yurish, ruhan tetiklik, yaradorga g’amxo’rlik, yuk bilan yugurib, chiniqishga ham katta ahamiyat qaratiladi.

Ammo kapitan Meyson Vord deydiki, 11-sentabr xurujlari ketidan mashg’ulotlar dasturi o’zgargan. Yangi zamon, yangi tahdidlarga moslashish uchun.

"Bizni o’n yil oldingi armiya bilan taqqoslab bo’lmaydi. Terrorizmga qarshi global urushning talablari boshqa",- deydi kapitan Vord.

Serjant Salvador Irizzari Afg’onistondagi sharoitni yaxshi biladi. Jangda askarlar bir-biriga tayanadi, deydi u.

"Kun bo’yi tog’-adirlarda yurasiz. Orqangizda o’gir yuk. Jismoniy tayyorgarlik, shuningdek, bukilmas iroda zarur. Oson emas",- deydi serjant Irizzari.

Afg'oniston hamon notinch
Afg'oniston hamon notinch

AQSh armiyasi yangi muhitga moslashishi, kontr-terrorizm va jangari guruhlarga qarshi kurash strategiyagini o’zlashtirishi lozim.

Polkovnik Berri Xaggins Iroqda xizmat qilib qaytgan. Yangi topshiriq bilan yaqin orada Afg’onistonga jo’naydi.

"Strategik moslashuvchanlik degan iborani qo’llaymiz. Tahdid paydo bo’lgan zahoti uni yo’q qilish degani bu",- deydi polkovnik Xaggins.

Dushman kim ekanini har doim ham bilib bo’lmaydi. Uni oddiy odamlardan ajratish qiyin. Bunday sharoitda aholiga ziyon qilmasdan g’alabaga erishish juda murakkab vazifa.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan bino
Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan bino

"O’tgan-ketganni otib, mamlakatni vayron qilish uchun kelmaganmiz axir. Tinch aholi bizdan himoya kutadi, buni yaxshi tushunamiz",- deydi polkovnik Xaggins.

Mudofaa vazirligi Pentagon zamonaviy qurol-aslaha uchun katta mablag’ ajratgan. Davlat zobitlarning hayotini saqlab qolishga pulni ayamaydi.

"Zirxli mashinamizga bomba tushgan, to’xtab qolganmiz. Lekin omon chiqdik vaziyatdan",- deydi serjant Brauning.

Tezyurar mashinalar va mo’ljalni aniq oladigan qurollar bilan ustunlik siz tomonda. Ammo raqib tomon ham bunga moslashadi.

"Dushman biz o’ylaganchilik ahmoq emas. Bizni to’xtatish uchun har narsani ishga soladi",- deydi Brauning.

O’tgan o’n yillikda boshlangan urush qachon tugashini aytish qiyin. Terrorizmni yengish mumkinmi o’zi? Harbiylarning vazifasi - murakkab sinovlarga, ertangi kun tahdidlariga tayyor turish.

Afg'on urushi, xalqaro koalitsiya va bugungi manzara

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG