Xalqaro sammitga mezbon Birmada musulmonlar yordam so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

11-noyabr kuni Birma Sharqiy Osiyo sammitiga mezbonlik qiladi. Demokratik islohotlarni amalga oshirayotgan davlat uchun bu katta yutuq.

Turli davlat rahbarlari poytaxtda yig’ilar ekan, faollar Birmadagi huquq ahvoli, xususan roxinja musulmonlari taqdiriga e’tibor qaratmoqda.

Rakxayn shtati poytaxti atrofida to’qqiz lager barpo etilgan bo’lib, ularda uy-joyidan ayrilgan 120 ming roxinjalar xarob ahvolda hayot kechiradi. Bu yerda xavfsizlik choralari kuchli, harakatlanish erkinligi cheklab qo’yilgan.

2012-yili buddistlar va ozchilikdagi musulmonlar o’rtasida ro’y bergan to’qnashuvdan beri shtat qattiq nazorat ostida. Tinchlikni saqlash uchun hukumat Rakxayn shtatiga kirish-chiqish yo’llarini yopib qo’ygan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvchilari roxinja xalqi fuqarolikdan va fundamental huquqlaridan mahrum ekainini ko’p bor qayd etgan. Bir kuni harbiylar qurol va narkotiklar qidirib, lagerimizni ostin-ustun qilishdi, deydi Sahir Hakim.

“Uyimda noqonuniy materiallar borligini aytib, tintuv o’tkazishdi. Biz esa isbot talab qildik. Askarlar hech narsa topisha olmagach, nega qo’rqayapsizlar deb so’rashdi. Bizni vahimaga solayotgan ularning o’zi”, - deydi ayol.

Birmada roxinja musulmonlarining bir necha avlodi yashab kelayotgan bo’lsa-da, hukumat bunday xalq borligini hatto tan olmaydi. Yil boshida aholi ro’yxatga olinganida ularni Bangladeshdan kelgan immigrantlar deb qayd etishga ko’rsatma berilgan.

Abdul Hamid kabi tadbirkorlar bunday talablarga bo’yin egmoqchi emas.

“Birma hukumati bizni roxinja deb ro’yxatga olishdan bosh tortayapti. Bangladeshdan kelgan ekanmiz. Qani mantiq? Men shu yerda tug’ilib o’sganman. O’lsam ham o’zimni boshqa yurtdan deb yozmayman”, - deydi u.

Xalqaro xayriya tashkilotlari lagerlardagi yuz minglab odamni boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Ammo BMTning ogohlantirishicha, donorlar qo’shimcha yordam ajratmasa yaqin oylarda zaxira tugashi mumkin. Tibbiy xizmat ko’rsatish eng katta muammolardan.

Mahalliy shifokor Shoh Zavin imkon boricha yordam berayapti.

“O’pkasi kasal, diabetga uchragan va qon bosimi yuqori bemorlarni kasalxonaga yuborsak, ularning qonini analizdan o’tkazishmayapti. Ahvoli og’ir odamlar bor, ular qayerda davolansin? Kasalxonalar roxinja musulmonlariga xizmat ko’rsatishdan bosh tortayapti, qancha odam o’lib ketdi”, - deydi shifokor.

Inson huquqlari tashkilotlari Birmada o’tayotgan yuqori darajadagi xalqaro sammitda bu mavzu ko’tarilsin deya undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG