Xitoy ASEAN bilan aloqani yaxshilashga so'z bermoqda


Xitoy bosh vaziri Li Ketsyan (chapda), Tailand bosh vazirasi Yinglak Shinavatra va Bruney sultoni Hasanulla Bolkiya bilan tort kesmoqda, Bandar Seri Begavan, Bruney Sultonligi, 9-oktabr, 2013-yil

Xitoy bosh vaziri Li Ketsyan (chapda), Tailand bosh vazirasi Yinglak Shinavatra va Bruney sultoni Hasanulla Bolkiya bilan tort kesmoqda, Bandar Seri Begavan, Bruney Sultonligi, 9-oktabr, 2013-yil

Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) ga a'zo to'rt mamlakat bilan Janubiy Xitoy dengizini talashib kelayotgan Xitoy mintaqa davlatlari bilan aloqalarni yaxshilashga so'z berdi.

Xitoy bosh vaziri Li Ketsyan ASEANning Bruneyda bugun boshlangan ikki kunlik sammitida uyushmaga a'zo 10 mamlakat rahbarlari bilan uchrashib, Xitoy sarmoyalarini oshirish rejasi haqida so'zladi.

ASEAN sammitining an'anaviy ishtirokchisi - AQSh prezidenti bu gal byudjet bilan bog'liq muammolarni hal qilish uchun Vashingtonda qoldi. Barak Obamaning o'rniga AQSh delegatsiyasiga davlat kotibi Jon Kerri rahbarlik qilmoqda.

Kerri ham bugun 10 rahbar bilan muloqot qilgan. Obamaning yo'qligi uchun uzr so'rab, AQShning Osiyo va Tinch okeaniga qiziqishi kuchli ekanini aytdi.

Kerri sammitdan tashqarida Xitoy bosh vaziri bilan ikki tomonlama munosabatlar va Janubiy Xitoy dengizi atrofidagi tortishuvlar xususida gaplashdi.

Dengizga da'vo qilayotgan ASEAN a'zolari Pekindan munozaralarni hal etishda qo'l keluvchi bitimni imzolashni so'ramoqda. Unda dengizda o'zini tutish qoidalari belgilangan bo'lib, bu qoidalar ijrosi barcha tomonlar uchun majburiydir.

Biroq Xitoy dengizga doir munozaralarni ko'p tomonlama forumlarda muhokama qilishdan bosh tortib, har bir davlat bilan alohida gaplashmoqchi. Kuzatuvchilarga ko'ra, bunday sharoitda Xitoyning qo'li baland kelishi aniq.

Li Ketsyan tabiiy resurslarga boy hudud bilan bog'liq bahslarni muloqot orqali hal qilishga tayyormiz, dedi.
XS
SM
MD
LG