Obama ASEAN bilan hamkorlikni kuchaytirishga bel bog'lagan

  • Amerika Ovozi

Obama ASEAN sammitida, Kuala-Lumpur, Malayziya, 21-noyabr, 2015-yil

Obama ASEAN sammitida, Kuala-Lumpur, Malayziya, 21-noyabr, 2015-yil

Bugun Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) sammitida tarixiy bitim imzolandi. Kuala-Lumpur deklaratsiyasiga ko'ra, tashkilotga a'zo 10 davlat o'rtasida ASEAN iqtisodiy hamjamiyati tashkil etilib, tovarlar va kapitalning erkinroq harakatlanishiga imkoniyat yaratiladi.

ASEANga a'zo mamlakatlar aholisi 625 milliondan iborat, umumiy iqtisodiy qudrati esa 2,6 trillion dollarga teng.

Uyushmaga Bruney, Kambodja, Indoneziya, Laos, Malayziya, Myanma, Filippin, Singapur, Tailand va Vyetnam a'zo.

Sammitda AQSh Prezidenti Barak Obama ham qatnashdi. U 10 davlat rahbarini kelasi yili Vashingtonga taklif qildi.

Obamaga ko'ra, Qo'shma Shtatlar guruh bilan aloqalarni yaxshilashi, ASEAN mintaqada yetakchi rol o'ynashi lozim.

“AQShning ASEAN bilan hamkorligi kuchaymoqda, chunki bu kabi uyushgan, samarali, integratsiyalashgan tashkilot Osiyo barqarorligi, farovonligi hamda tinchligi garovidir", - dedi Obama.

AQSh prezidenti tashkilotning Janubiy Xitoy dengizida kemalar qatnovi va dengiz uzra parvozlarni tartibga solish tashabbusini qo'llab-quvvatladi. Mintaqa davlatlari va Xitoy dengizdagi ayrim hududlarga da'vo qiladi.

Qo'shma Shtatlar Pekinni munozarali masalalarni muzokara yo'li bilan hal qilishga chaqirib keladi.

“Mintaqa barqarorligi da'vogarlardan bahsli hududlarni o'zlashtirishdan o'zini tiyishini, u yerlardagi barcha qurilishlarni, xususan, harbiy inshootlar barpo etishni to'xtatishni talab qiladi", - dedi Obama.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG