ASEAN sammitida a'zolar gapi qovushmadi

  • Amerika Ovozi

Yaponiya Bosh vaziri Yoshixiko Noda, AQSh rahbari Barak Obama, Xitoy Bosh vaziri Ven Tzyabao

Yaponiya Bosh vaziri Yoshixiko Noda, AQSh rahbari Barak Obama, Xitoy Bosh vaziri Ven Tzyabao

ASEAN, janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi rahbarlari Kambodjada majlis qilar ekan, Janubiy Xitoy dengizi ustida bahs avjida. Sammitda erishilgan bayonot, ya’ni regional ziddiyatlarni xalqaro muhokamaga olib chiqmaslik qarori Filippinga ma’qul emas.


ASEANga hozir Xitoyning yaqin ittifoqchisi Kambodja raislik qilmoqda. 10 davlat a’zo uyushmaning yozgi sammitida ham qo’shma bayonotga erishilmagan, chunki Kambodja Janubiy Xitoy dengizi mojarosini muhokamaga olib chiqishga yo’l qo’ymagan edi.

Tabiiy zaxiraga boy dengizni mintaqa lideri Xitoy deyarli butunlay o’ziniki deb biladi va taqsimot masalasiga ASEANnni aralashtirmoqchi emas. Aksincha, Xitoy ziddiyatni dengizga da’vogar zaif qo’shnilar – Filippin, Vyetnam va boshqalar bilan yakkama-yakka hal qilish tarafdori.

AQSh prezidenti, anjumanda qatnashayotgan Barak Obama Xitoy e’tiroziga qaramasdan talash dengiz borasida gap boshlagan.

Prezident Barak Obama AQSh-Xitoy rishtalarini “konstruktiv va samarali” deb ta’riflamoqda. AQSh rahbari Janubi-sharqiy Osiyo bo’ylab safari yakunida so’zlagan. Kambodjada ASEAN sammiti doirasida Xitoy Bosh vaziri Ven Ziabao bilan ko’rishgan Obama fikricha, Vashington va Xitoy global iqtisodiyotni rivojlantirish yo’lida birga ishlashi kerak.

“Dunyoning eng yirik ikki iqtisodiyoti sifatida bunga mas’ulmiz. Nafaqat Osiyo, balki jahon ekonomikasi bizga bog’liq”, - dedi Obama.

Xitoy bosh vaziri nazarida ham ikki davlat aloqalari mustahkam bo’lsa, bundan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va butun dunyo faqat naf ko’radi. Tinchlik, taraqqiyot va farovonlik sharti bu, deydi Ven Ziabao.

Obama Yaponiya Bosh vaziri Yoshixiko Noda bilan ham gaplashib olgan. Noda AQShning mintaqa hayotida tobora faol qatnashayotganini olqishlagan. Yaponiya Xitoy bilan regionda baliqchilik uchun qulay, neft va gazga boy orollar ustida tortishib keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG