ASEAN sammitida xavfsizlik va Janubiy Xitoy dengizidagi vaziyatga e'tibor qaratilmoqda

  • Amerika Ovozi

Janubi-sharqiy Osiyo Davlatlari Assotsiatsiyasi (ASEAN) rasmiylari Laosda xavfsizlik masalalari, xususan, Shimoliy Koreya va Janubiy Xitoy dengizidagi vaziyat yuzasidan muzokara olib bormoqda. Unda mintaqaning o'ndan ortiq davlatlari tashqi ishlar vazirlari, yetakchi diplomatlar, jumladan, AQSh delegatsiyasi qatnashmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Vashington ASEAN hamkori ekanidan faxrlarinishi bildirdi. Chunki siz katta-kichik, barcha mamlakatlarning huquqlarini himoya qiladigan qoidalarga asoslangan xalqaro tizim tarafdorisiz, dedi u.

Anjuman yaqinda Xalqaro hakamlik sudi Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi da'volarini asossiz deb topishi ortidan bo'lib o'tmoqda. Ushbu qaror hududda Xitoy va boshqa davlatlar o'rtasidagi ziddiyatlarni yanada kuchaytirishi mumkinligidan xavotirlar bor.

Xitoyga borgan Milliy Xavfsizlik bo'yicha Oq uy maslahatchisi Syuzen Rays ziddiyatli masalalarda Vashington Xitoy bilan ishlashga tayyor ekanini bildirdi.

ASEAN bayonoti

10 a'zodan iborat ASEAN bloki 25-iyul kuni e'lon qilgan bayonotda Janubiy Xitoy dengizi hududida yer da'volari va ziddiyatlar kuchayganidan jiddiy xavotir izhor qilinadi. Mintaqadagi harakatlar "ishonchga putur yetkazib, ziddiyatlarni yanada kuchaytirmoqda va bu hududdagi barqarorlik, xavfsizlik hamda tinchlikni xavf ostida qoldiradi", deyiladi bayonotda.

Lekin hujjatda Gaaga tribunali qarori yoki Xitoy va boshqa biror davlat nomi tilga olinmagan.

AQSh Davlat departamentining nomi oshkor qilinmagan rasmiylaridan birining aytishicha, shu hafta Sharqiy Osiyo sammiti vazirlari yig'ini hamda ASEAN mintaqaviy forumi birgalikda e'lon qiladigan bayonotning yozilishida AQSh faol ishtirok etadi.

Unda vazirlar o'rtasida kechadigan muloqotga ko'proq urg'u beriladi, deydi rasmiy.

2012-yil ASEAN yetakchilari anjuman mezboni va Xitoyning yaqin hamkori Kambodja e'tirozlari tufayli qo'shma bayonot e'lon qilish uchun kelisha olmagan edi. Bu yil ham shu davlat Gaga qarorining tilga olinishiga qarshi bo'lgan.

ASEAN har bir a'zo davlatga veto huquqini beradi. Qarorlar barchaning qo'llab-quvvatlovi bilan qabul qilinishi kerak.

Diplomatik aloqalar tarixi

AQSh o'tgan yili noyabrda ASEAN-AQSh Strategik hamkorlik kelishuvini imzolagan. Shu yil boshida Prezident Barak Obama ASEAN davlatlari yetakchilari uchun anjuman tashkil qildi.

Shu yil Xitoy va ASEAN o'rtasida muloqot boshlanganiga 25 yil to'ladi.

Yetakchilar joriy oy boshida shu haqda bir-birlariga tabrik maktublari yo'lladi.

ASEANning eng katta savdo hamkori bo'lgan Xitoy 1991-yil blok bilan muloqot hamkori sifatida aloqani yo'lga qo'ygan edi. Tomonlar 2003-yil strategik hamkorlikka kelishib, 2010-yil ASEAN-Xitoy erkin savdo hududini barpo etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG