Breaking News

Xitoy hududiy nizolarni yumshatishga doir taklifni rad etdi


Qo’shma Shtatlar Janubiy Xitoy dengizida nizolarni bartaraf etish uchun tartib-qoidalarni aniq belgilab olishga undamoqda. Birmada ASEAN, Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi majlis qilib, masalani muhokama qildi.

1947-yilda tuzilgan xaritani asos qilib, talash hududlarning 90 foiziga da’vo qilayotgan Xitoy yig’inda yangragan bayonotlarga qo’shilmadi.

Janubiy Xitoy dengizida mamlakatlar provokatsion xatti-harakatlardan tiyilsin degan taklifga Pekin “yo’q” deya javob berdi.

Filippin olg’a surgan hamda AQSh tomonidan qo’llab-quvvatlangan hujjat loyihasi hududiy mojarolarni BMT konvensiyalari doirasida, arbitraj orqali hal etishni nazarda tutadi. Uni rad etgan Xitoy ta’biricha dengizdagi vaziyat bo’rttirib ko’rsatilmoqda.

“Territorial da’volarni xalqaro arbitrajga olib chiqishga hali erta. Bizning davlat bosiqlik bilan harakat qiladi, lekin provokatsiyalarga javob beramiz”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yi.

AQSh va Filipinning taklifi qabul qilinmagan bo’lsa-da, Vashington nazarida ASEAN yig’ini ijoriy ruhda yakunlandi.

Davlat kotibi Jon Kerri Janubiy Xitoy dengizida barcha uchun majburiy bo’lgan qonun-qoidalarni ishlab chiqishga chaqirdi. “Davlatlar xalqaro qonunchilik doirasida sudlarga murojaat qila olsin”, - deydi u.

Majlis yakunida qabul qilingan bayonotda Xitoy tilga olinmagan. Ochiq bayon etilmasa-da, dengizdagi 200 dan ziyod kattayu-kichik orollar ustida tortishuvlar jiddiy tus olmoqda, deydi AQSh diplomatlari.

Xitoy kemalarining Vyetnam va Filippin da’vo qilayotgan hududlarda suzib yurishiga bu hukumatlar kuchli e’tiroz bildiradi. May oyida Xitoy bu yerda neft platformasini o’rnatgani Vyetnamda qonli namoyishlarga turtki bergan edi. Filippin arz qilib BMT tribunaligacha borgan.

ASEAN uyushmasiga 10 davlat a’zo. Birma poytaxtida o’tgan yig’inda 27 davlat, jumladan AQSh, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Kanada tashqi ishlar vazirlari qatnashdi.

Osiyoni tashqi siyosatida ustuvor yo’nalishlardan deb belgilagan Obama ma’muriyatiga ko’ra, xalqaro suvlardan hamma birdek foydalana olishi, savdo yo’llari ochiq bo’lishi lozim. Qolaversa, Yaponiya va Filippin kabi ittifoqchilarni himoya qilish to’g’risida ikki tomonlama kelishuvlar bor.

Xitoy Vashingtonga hududiy mojarolarga aralashmang, deya talab qo’ygan. “Qo’shnilar bilan nimaiki muammo bo’lsa do’stona muhitda, muzokara orqali hal qilamiz, Janubiy Xitoy dengizi barqaror”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG