AQSh vitse-prezidenti Osiyo bo’ylab safarga otlandi

  • Amerika Ovozi

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden bugun Osiyo bo’ylab safarga otlandi – Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiyada muzokaralar rejalangan. Xitoy regionda havo mudofaa zonasini o’rnatgani kun tartibidagi bosh mavzulardan bo’ladi.

Amerika vitse-prezidenti Sharqiy Xitoy dengizi uzra yangi mudofaa zonasi masalasini ko’taradi, ammo Pekinga rasmiy tarzda norozilik bildirishi kutilmayapti.

Rasmiylarning aytishicha, Baydenning safari Xitoy rahbariyati bilan bu haqda yuzma-yuz gaplashib olish va Vashington xavotirlarini bildirish uchun qulay imkoniyat.

Siyosiy tahlilchi Jonatan Polakning qayd etishicha, Xitoy e’lon qilgan so’nggi islohotlar, Vashington-Pekin o’rtasidagi iqtisodiy rishtalar kun tartibidagi bosh mavzular bo’lishi kutilgan edi. Ammo endi Sharqiy Xitoy dengizi ustidan parvozlar masalasi birlamchi bo’lishi turgan gap. Mavzu Tokio va Seulda ham muhokama qilinadi.

Qo’shni davlatlar Xitoy havo sarhadlarini o’zboshimcha ravishda belgilab olayotganini keskin tanqid qilmoqda. Yaponiya va Janubiy Koreya qatorida AQSh harbiy samolyotlari ham Xitoyni xabardor qilmasdan bu zonadan uchib o’tgan. Pekin harbiy chora ko’ramiz deb ogohlantirmoqda.

Qo’shma Shtatlar o’z aviakompaniyalariga bu hududdan uchib o’tishdan oldin Pekinni xabardor qilishni tavsiya etgan. Ammo bu Xitoy qo’ygan talablarni tan olayotganimizni anglatmaydi, deydi Amerika rasmiylari.

“Ana shunday tarang vaziyatda kutilmagan voqealar ro’y berishi va bu to’qnashuvga yetaklashi mumkin”,- deydi Jonatan Polak. “Xitoy havo kuchlari bunday operatsiyalar o’tkazishda yetarli tajribaga ega emas”.

Qo’shma Shtatlar va Xitoy, ikki yirik iqtisodiy kuch, munosabatlarni yangilashga bel bog’lagan. Ikki davlat rahbarlari Barak Obama va Si Zinpin shu yoz Kaliforniyada uchrashgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG